O‘tgan oylarda Qashqadaryo viloyati, G‘uzor tumanidagi 21-umumiy o‘rta ta'lim maktabi filialining abgor holati va o‘quvchilarning og‘ir sharoitda ta'lim olayotgani haqida ma'lumotlar internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgandi.

Kun.uz tahririyatiga ham shu mazmundagi murojaat kelgandi. Tahririyat tomonidan ushbu holatni o‘rganish istagi bildirilganida, murojaatchi boshqa internet sayti masalani o‘rganganini aytgan, shu tufayli saytda bu holat yuzasidan jurnalistik surishtiruv olib borilmagan edi. Ammo murojaat Kun.uz’ning Telegram’dagi kundalik sahifasida (@KundalikUZ) e'lon qilingandi.

Bu mavzu Daryo.uz sayti muxbiri tomonidan o‘rganilgan. Mart oyida nashr qilingan «Qashqadaryoda 1972 yilda qurilgan shiypon maktabda o‘qiyotgan o‘quvchilar ilon yoki chayon chaqishidan cho‘chimoqda» sarlavhali birinchi maqolada maktab filialida ko‘p yillardan buyon ishlab kelayotgan o‘qituvchilar mavjud ahvol haqida ma'lumot berishgandi.

Filialda 12 yildan buyon ishlab kelayotgan o‘qituvchi Mo‘tabar Ravshanova shunday degan: «Sinfxonalarimizni har yili ta'til paytida o‘zimiz ta'mirlaymiz. Loysuvoq qildiramiz, ohaklaymiz. Barchasi o‘z kuchimiz va mablag‘imiz evaziga bo‘ladi. Ba'zan uydagilarga iltimos qilamiz, ba'zan esa oyligimizdan orttirib ishchi yollaymiz. Sinfxonalarimiz juda tor va noqulay. Yomg‘ir va qorli kunlarda hatto sinfxonalar ham loy bo‘lib ketadi. O‘quvchilarimiz oyog‘idan nam o‘tmasligi uchun oyog‘i tagiga taxta qo‘yib o‘tirishga majbur bo‘lishadi».

16 yildan beri filialda ishlab kelgan boshqa bir o‘qituvchi Charos Nazarova esa tuman xalq ta'limi boshqarmasidagilar vaziyatdan xabardor bo‘lishsada, o‘zgarishlar bo‘lmayotganini bildirgandi: «2003 yildan beri ushbu maktabda dars beraman. Mutasaddilar kelib ko‘rib ketishgan. Ammo o‘zgarish yo‘q. Loygarchilik paytida loyda yurib ham bo‘lmaydi. Maktabga olib keluvchi yo‘llarning abgorligini aytmasak ham bo‘ladi. Axiyri xalq pul yig‘ib qo‘ldan kelgancha maktab yoniga keluvchi ko‘chaga shag‘al to‘kdi. Lekin sinfxonalarga kirish joyi va sinfxonalarning o‘zi esa abgor holatda. Holatdan tuman xalq ta'limi bo‘limi mudiri (tuman xalq ta'limi bo‘limi mudiri Risolat Eshqobilova nazarda tutilmoqda) yaxshigina xabardor».