IELTS va SeFR sertifikatlarini soxtalashtirish mumkinmi?
Dunyo bo‘yicha 57 million bola maktabdagi ta’lim tili tufayli ta’lim olishga qiynaladi. GPE ma’lumotiga ko‘ra, o‘zga tilda o‘quvchilar o‘zlashtirishi past bo‘lishi ko‘p kuzatilgan. Shunga qaramay, sifatli ta’lim va yuqori malakaga ega bo‘lish uchun o‘zga tilda ta’lim beriladigan, nufuzli xorijiy oliy ta’lim muassasalariga yo‘l olayotgan o‘zbekistonlik yoshlar kam emas.
Ular til bilish darajasini aks ettiruvchi xalqaro til sertifikatlariga ega bo‘lishga harakat qilishadi. IELTS va CEFR sertifikati shu maqsadda izlanayotgan yoshlarga xorijiy ta’lim eshiklarini ochuvchi vosita hisoblanadi. Lekin, afsuski, uni soxtalashtirish orqali mo‘may daromad qiluvchilar ham paydo bo‘lgan.
Xalqaro til sertifikatlarini mahalliy universitetlarga qabul qilish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi tayyorlangan. Hujjat qabul qilinsa, til sertifikatlarini soxtalashtirish haqiqatan daromadli ishga aylanadi.
Xo‘sh, qaror loyihasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan vaziyatlarga oldindan tayyorgarlik ko‘rilganmi? Mavjud jarayonga har tomonlama yondashib baho berish lozim.
Davlat test markazi chet tillarni bilish va baholash boshqarmasi «Chet tillar» bo‘lim mudiri Elvira Urayevaning aytishicha, mahalliy oliy ta’lim muassasalariga o‘qish uchun hujjatlarni qabul qilish jarayonida CEFR sertifikatining haqiqiyligini tekshirish uchun maxsus mexanizm ishlab chiqilgan.
«Bunda chet tillarni bilish va baholash boshqarmasining rasmiy nsfla.uz saytiga tashrif buyurib «Sertifikat nazorati» bo‘limini tanlash va sertifikat raqamini terishning o‘zi kifoya», — deydi u.
Shu o‘rinda Urayevadan O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining «Oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishda milliy va xalqaro baholash tizimlari sertifikatlarini tatbiq qilish to‘g‘risida»gi qarori loyihasi (2018 yilning 28 noyabridan 11 dekabrigacha keng jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan) haqida so‘ralganda, tez orada ushbu hujjat qabul qilinishi mumkinligi istisno etilmadi. Shu bois mutaxassis CEFRdan boshqa xalqaro sertifikatlarning haqiqiyligini tekshirish bo‘yicha mexanizm qaror qabul qilinganidan so‘ng aniq bo‘lishini qo‘shimcha qildi.
IELTS instruktor Bekzod Mirahmedov esa ayni vaqtda IELTS sertifikatini soxtalashtirib, undan turli maqsadlarda ishlatish holatlari ko‘payib qolganini bildirdi.
«Ayniqsa, soxta hujjat asosida o‘quvchilarga ta’lim berishayotganligi achinarli holatdir. O‘z tajribamda bu kabi vaziyatlarning ko‘piga duch kelganman. Ijtimoiy tarmoqlarda yuqori balli IELTS sertifikati reklamalariga ko‘zingiz tushadi. Ushbu usul o‘quvchilarni o‘ziga jalb qiladi, albatta. Hozirgi vaqtda talabgorlar soni ortgani sayin bu yo‘nalish alohida biznes turiga aylandi. Bu ta’lim biznesi. Shunday ekan, mablag‘dan muhimroq jihat bilim hisoblanadi», — deydi u.
Instruktorning aytishicha, ota-onalar, abituriyentlar ingliz tili o‘qituvchisini tanlayotganda, uning til sertifikatini, albatta, tekshirib ko‘rish lozim.
«Haqiqiysini soxtasidan ajratish qiyin. Lekin siz e’tibor beradigan jihat – muhr, imzo va nomzodning maxsus kodi bo‘lishi kerak. Ularning rangiga alohida ahamiyat berishni unutmang», —deya qayd etgan u.
Edu-Action IELTS test markazi rahbari Akmal Ahrorxo‘jayevning ta’kidlashicha, ijtimoiy tarmoqdagi soxta til sertifikati egalariga chora ko‘rish qiyin masala. Eng avvalo, IELTS sertifikatini shu shaxsning o‘zi ijtimoiy tarmoqdagi sahifasiga joylashtirganmi yoki boshqa foydalanuvchi tomonidan ekanligini aniqlab olish kerak.
«Bizning test markazimiz soxta sertifikatlar bo‘yicha chora ko‘radigan vakolatli tashkilot emas. Vazifamiz hujjatni soxtalashtirganligi to‘g‘risida IELTS imtihonlariga mas’ul organ - Cambridge Assesment Englishga o‘sha shaxsning sertifikati soxtaligi bo‘yicha rasmiy hisobot berish bilan cheklanadi. Yuborilgan hisobotdan so‘ng tekshiruv o‘tkaziladi va firibgarlik aniqlansa, nomzodning sertifikati bekor qilinadi va 2 yilgacha yoki butunlay IELTS imtihonini topshirish huquqidan mahrum bo‘ladi. Biroq tanganing ikkinchi tomoni ham bor: sertifikatni aynan kim soxtalashtirganligi bizga qorong‘i. Kimdir sertifikat egasiga qasddan bu ishni amalga oshirgan bo‘lishi ham mumkin», — deya fikr bildirdi Ahrorxo‘jayev.
Ma’lum qilinishicha, IELTS sertifikati haqiqiyligini tekshirish uchun iels.ucles.org.uk saytidan ro‘yxatdan o‘tish kerak. Keyin sertifikatning pastki o‘ng tomonida berilgan raqam va harflardan iborat shtrix kod yuboriladi va nomzodning haqiqiy ko‘rsatkichlari namoyon bo‘ladi. Ro‘yxatdan o‘tish faqat yuridik shaxs tomonidan (tashkilot yoki ta’lim muassasasi nomi bilan) amalga oshiriladi. Jismoniy shaxs so‘rovi ko‘rib chiqilmaydi.
Shu o‘rinda bir qiziq faktga e’tiboringizni qaratmoqchimiz: O‘zbekistonda atigi 15 ta yuridik shaxs IELTS sertifikati haqiqiyligini tekshirish huquqiga ega. Ular orasida ta’lim muassasalaridan O‘zbekistonda akkreditatsiyada o‘tgan oliy ta’lim muassasalari (Turin, Inha, Singapur, Vestminster universitetlari), Samarqand Davlat chet tillari instituti bor. Respublikadagi boshqa hech qaysi OTM bunday ro‘yxatdan o‘tmagan.
Ayrim mahalliy OTMlarning magistratura va hattoki bakalavriat bosqichlariga IELTS sertifikatlari qabul qilinayotganligi va ularning haqiqiyligi qay usulda tekshirilayotganligi shaffof emas.
O‘ylaymanki, vakillik organlari vaziyatni to‘g‘ri baholab, mavzuga o‘z munosabatlarini bildirishadi.
Muhabbat Ma’mirova
Mavzuga oid
12:07 / 23.10.2024
“Katta natijalarga erishish mumkinligini qizlarimga isbotlash uchun IELTS’dan maksimal ball olishga harakat qildim” - IELTS’dan 9 ball olgan ilk o‘zbekistonlik ayol
17:02 / 31.05.2024
IELTS’dan 4 ball bilan ham magistraturaga kirish mumkinmi?
14:13 / 04.12.2023
«IELTS’dan yuqori ball olish muhim emas» - AQSh universitetiga to‘liq grant yutgan o‘zbekistonlik bilan suhbat
09:46 / 23.07.2023