Jahon | 16:16 / 09.04.2019
5905
2 daqiqa o‘qiladi

JARning sobiq prezidenti Qazzofiyning 30 mln dollar pulini o‘zlashtirishda gumon qilinmoqda

Foto: Phil Magakoe/Pool Photo via AP

JARning sobiq prezidenti Jyeykob Zuma Muammar Qazzofiyning pullarini o‘zlashtirishda gumon qilinmoqda, deb yozadi The Sunday Times. Nashrning ta'kidlashicha, Liviya yetakchisi 2011 yilda o‘limidan sal ilgari Zumaga 30 mln dollar naqd pul bergan.

Nashrda chop etilgan jurnalistik surishtiruvga ko‘ra, JAR prezidenti Qazzofiy bilan uchrashgan oxirgi davlat rahbari bo‘lgan. Bu uchrashuv fuqarolik urushi avjiga chiqqan paytda, Qazzofiy rejimi taqdiri aniq bo‘lgan vaziyatda bo‘lib o‘tgan. Zuma Qazzofiyni Liviyani tark etishga ko‘ndirish va o‘z mamlakatidan boshpana berish taklif bilan kelgan.

"Qazzofiy ketishga ko‘nmagan. U o‘z vatanida o‘lishni afzal bilgan. U Zumaga pullarni bergan va undan mabodo qo‘lga olinib, Xalqaro jinoyat sudiga topshiriladigan bo‘lsa yaxshi advokat topib berishni so‘ragan", - deya iqtibos keltiradi gazeta o‘z manbasiga tayanib. Liviya yetakchisi agarda halok bo‘ladigan bo‘lsa, pullarni oilasiga berishni so‘ragan.

Oxir-oqibat, pullar Zumaning qarorgohida qolib ketgan, deb yozadi The Sunday Times. Endilikda uning o‘zi sud xarajatlarini to‘lash uchun pulga muhtoj. Unga nisbatan korrupsiya, reket va tovlamachilik ayblovlari bilan 783ta holat bo‘yicha ish ochilgan.

Gazetaning ta'kidlashicha, Qazzofiyning pullari qo‘shni Esvatini davlatiga olib chiqib ketilgan va Zuma kelgusida bemalol foydalanishi uchun o‘sha davlat Markaziy bankiga qo‘yilgan.

Mavzuga oid