Jamiyat | 13:00 / 10.04.2019
11329
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkent viloyatida qarzdor haydovchilar aniqlanmoqda 

Toshkent viloyatining M39 “Olmaota-Bishkek-Toshkent-Termiz” (Toshkent shahri va Sirdaryo viloyatini bog‘lovchi yo‘l) avtomobil yo‘li, A373 “Toshkent-O‘sh” (Toshkent shahri va Namangan viloyatini bog‘lovchi yo‘l) avtomobil yo‘li va 4R12 “Bektemir-Chirchiq-G‘azalkent-Chorbog‘” (Toshkent shahri va Bo‘stonliq  tumanlarini bog‘lovchi yo‘l) avtomobil yo‘li, 4R2 “Toshkent sh.-To‘ytepa sh.-A373 avtoyo‘li” (Toshkent va Nurafshon shaharlarini bog‘lovchi yo‘l) avtomobil yo‘llarida maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari onlayn rejimda ishlamoqda. 

Foto: Toshkent viloyati IIB YHXB matbuot xizmati

Toshkent viloyati IIB YHXB Matbuot guruhi xabariga ko‘ra, ushbu fotoradarlar orqali 2019 yil boshidan buyon 17 242 ta qoidabuzarlik aniqlandi. Hozirda ushbu qarzdorlarning 3 421 nafaridan qoidabuzarlik bo‘yicha belgilangan jarimalar undirildi. O‘tgan davr mobaynida 60 kun muddat ichida qonunda belgilangan tartibda jarimalarni o‘z vaqtida to‘lamasdan yurgan 1 175 transport vositalari egalaridan jarimalarni undirish choralari ko‘rilmoqda.

Foto: Toshkent viloyati IIB YHXB matbuot xizmati

Bugungi kunda, shakllantirilgan ro‘yxat asosida aynan ushbu toifadagi transport vositalari egalarini aniqlash, ularga nisbatan tegishli choralar ko‘rilishini ta'minlash maqsadida “AUTO CON” moslamasi yordamida bir kunda 216 nafar belgilangan jarimani to‘lamagan qoidabuzar haydovchi aniqlanib, belgilangan jarima undirilgunga qadar avtomashina vaqtinchalik jarima maydoniga joylashtirilmoqda. 

Foto: Toshkent viloyati IIB YHXB matbuot xizmati

Xususan, kuni kecha Yangiyo‘l shahrida o‘tkazilgan reydlar davomida “Lasetti” rusumli avtoulov “AUTO CON” moslamasi orqali olingan ma'lumotlar asosida to‘xtatib tekshirilganda, uning haydovchisi o‘tgan davr mobaynida maxsus avtomatlashtirilgan foto qayd etish texnika vositalari orqali 6 marta tezlikni oshirish qoidabuzarligini sodir etib, 5 million 59 ming 35 so‘m miqdorida jarimani to‘lamasdan yurganligi aniqlandi. Ushbu avtoulov jarima maydoniga joylashtirildi.

Foto: Toshkent viloyati IIB YHXB matbuot xizmati

O‘z navbatida, ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 291-moddasida belgilab berilgan 60 kun muddat  ichida  jarimalarni to‘lamaslik, jarima to‘lagunga qadar transport vositasini jarima maydoniga qo‘yishga asos bo‘ladi.

Mavzuga oid