21:31 / 11.04.2019
4136

Alohida turdagi tovarlarni markirovkalash bo‘yicha joriy etilayotgan majburiy tizimga oid rasmiy bayonot berildi

O‘zbekiston Prezidentining 2018 yil 30 noyabrdagi “Alohida turdagi tovarlarni markirovkalashning zamonaviy usullarini joriy etishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 4042-sonli qarorida 2019 yil 1 avgustidan import qilinadigan va respublikada ishlab chiqariladigan alohida toifadagi tovarlarni tasdiqlangan ro‘yxatga muvofiq himoyalangan belgi va (yoki) nano-molekulyar texnologiyadan foydalangan holda majburiy markirovkalashni joriy etish belgilangan.

Markirovkalashni joriy etishning asosiy vazifalari qalbakilashtirilgan va noqonuniy ishlab chiqilgan tovarlarni respublikaga olib kirilishi, ishlab chiqarilishi va sotilishining oldini olish orqali aholi xavfsizligi va sog‘ligini ta'minlash hamda soliq va boshqa majburiy to‘lovlar yig‘iluvchanligini oshirish hisoblanadi.

Shu bilan birga, so‘nggi vaqtlarda turli Internet resurslarda qator anonim materiallar berilib, ularning mualliflari turli xil ma'lumotlarni qalbakilashtirish, faktlarni bo‘rttirish yo‘llari bilan majburiy markirovkalashni joriy etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan choralarni qoralashga va obro‘sizlantirishga urinishmoqda.

Shu munosabat bilan, Prezident qoshidagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi matbuot xizmatida quyidagilar tushuntirib o‘tildi.

Davlat rahbarining yuqorida keltirilgan qarorining 5-bandi bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligiga 2019 yil 1 fevraliga qadar eng yaxshi takliflarini saralab olish asosida ko‘rsatiladigan xizmatlar ishonchliligi va sifatini, yuqori himoyalanganlik darajasini ta'minlay oladigan, amaliy tajribaga ega bo‘lgan markirovkalash bo‘yicha xizmatlar yetkazib beruvchisini tanlab olishni, markirovkalanishi majburiy bo‘lgan tovarlar qiymatining sezilarli oshirilmasligini hisobga olgan holda tanlab olingan yetkazib beruvchi bilan muzokaralar o‘tkazilishini, shuningdek, u bilan tuzilayotgan shartnoma butun muddati davomida ko‘rsatiladigan xizmatlar bahosini qat'iy belgilagan holda 5 yildan 10 yilgacha bo‘lgan muddatga shartnoma tuzilishini ta'minlash topshirilgan.

2018 yilning dekabr oyida eng yaxshi takliflarini saralab olish uchun 80 texnikaviy va moliyaviy talablarni o‘zida mujassamlashtirgan texnik topshiriq e'lon qilindi. Ta'kidlash joizki, yagona yetkazuvchini tanlashdagi talablarning biri sifatida tanlab olinayotgan kompaniyaning davlat nazoratida bo‘lgan sanoat sektorlaridan mustaqilligi to‘g‘risidagi deklaratsiya kiritilgan edi.

Kelib tushgan takliflarni ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha markirovkalash bo‘yicha yagona xizmatlarni yetkazuvchi sifatida Shveytsariyaning «SICPA» kompaniyasi saralab olindi.

Ma'lumot uchun: «SICPA» himoyalangan chop etish, markirovkalash va tovarlarni kuzatib borish bo‘yicha jahonda mashhur kompaniya bo‘lib, u jahon valutalarining aksariyati (yevro banknotalari, AQSh dollari va o‘zbek so‘mi) uchun, shuningdek himoyalangan hujjatlar va shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar – pasportlar uchun himoyalovchi siyohlarni ishlab chiqarish bo‘yicha yetakchi kompaniya hisoblanadi.Kompaniya «Davlat Belgisi» davlat ishlab chiqarish birlashmasi tashkil etilgan vaqtidan boshlab u bilan hamkorlik qilib kelmoqda. Tovarlarni markirovkalash va kuzatib borish bozorida faol ishtirok etadi (Braziliya, Marokash, Malayziya, Chili, AQShning Massachusets va Kaliforniya shtatlari, Kanada, Turkiya, Gruziya, Keniya). Kompaniyaning ofislari 32 ta davlatda, mahsulotlari 180 dan ko‘proq davlatda mavjud, jahon bo‘ylab 200 dan ko‘proq patenti bor. Bu darajadagi kompaniyalarda manfaatlar to‘qnashuvi va korrupsiya holatlarining har qanday ko‘rinishining oldini olishga qaratilgan qattiq talablar amal qilishini anglash juda muhimdir.

Mavjud ma'lumotlarga ko‘ra «SICPA» kompaniyasining yagona egasi Amon oilasidir.

Bugungi kunda markirovkalash xizmatlarning narxlarini tushirish va qat'iy belgilash bo‘yicha muzokaralar davom etmoqda. Markirovkalash bo‘yicha xizmatlarni ko‘rsatishga oid tegishli shartnoma tuzilmagan.

O‘z navbatida, markirovkalashning majburiy tartibi, narxlar ko‘rsatkichlari, uskunalarni yetkazib berish shartlari, markirovkalash usullari, texnik yordam ko‘rsatish va boshqa texnik-iqtisodiy parametrlar bo‘ycha kelishuvlar tadbirkorlik sub'yektlarini jalb etgan holda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ishlab chiqilgan.

Top