15:12 / 12.04.2019
6684

«Men – soliq to‘lovchiman» aksiyasi faol ishtirokchilari «Xumson» ga yo‘llanma oldi  

Foto: DSQ Matbuot xizmati

11 aprel kuni  «Men – soliq to‘lovchiman» aksiyasining yorqin yakuni deya e'tirof etilayotgan Toshkentdagi tadbir yoshlarda ijobiy taassurotlar qoldirdi va bo‘lg‘usi soliq to‘lovchilar o‘z bilimlarini yanada boyitish imkoniga ega bo‘lishdi.

Tadbirda Davlat soliq qo‘mitasi markaziy apparati vakillari, Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi xodimlari ishtirok etib, yoshlar bilan o‘z bilimlarini o‘rtoqlashdilar, savollarga javob berib, soliq qonunchiligidagi yangiliklar, shuningdek, yosh tadbirkorlarga berilayotgan imtiyozlar xususida so‘zlab berishdi.

Aksiyaning barcha ishtirokchilari – universitet talabalari va kollej o‘quvchilari esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Eng faol ishtirokchilar esa Davlat soliq qo‘mitasining «Xumson» oromgohida yozgi ta'til vaqtlarini unumli o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘ldi va bu yerda soliq mutaxassislarining ishtirokida bir-biridan qiziqarli hamda ma'rifiy tadbirlarni tashkil etish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, DSQ aksiya davomida turli tanlovlar o‘tkazib, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalariga har yuzinchi obunachiga aylangan yoshlarga sovg‘alar topshirildi. Shuningdek, eng yaxshi xeshteglar mualliflari qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Toshkentdagi Amir Temur xiyobonida o‘tkaziladigan aksiya tafsilotlari Davlat soliq qo‘mitasining Facebookdagi rasmiy sahifasi orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri namoyish etildi.

Foto: DSQ Matbuot xizmati

8 aprel kuni Shahrisabz shahridagi Oqsaroy maydonidan boshlangan «Men – soliq to‘lovchi»  aksiyasining ilk kunida 500 nafardan ortiq yoshlar qatnashgandi. Tadbir davomida bo‘lg‘usi soliq to‘lovchilar soliq sohasidagi yangiliklardan xabardor bo‘lib, majburiy to‘lov turlari, berilgan imtiyozlar va boshqa o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob olishgan.

Samarqand shahri – aksiyaning navbatdagi manzili bo‘ldi. 9 aprel kuni Samarqanddagi «Yoshlar markazi» da 700 ga yaqin o‘g‘il-qiz ishtirok etdi. Tadbirda universitet va kollejlar bitiruvchilari faol qatnashdi. Ularning aksariyati ta'lim muassasalarini bitirgach, o‘z bizneslarini yo‘lga qo‘yish niyatida bo‘lib, yosh tadbirkorlarga taqdim etilayotgan imtiyozlar haqida soha mutaxassislari bilan bo‘lib o‘tgan yuzma-yuz muloqotlar yoshlar uchun foydali bo‘ldi.

Soliqlarga oid bilimga ega va o‘z kelajagini soliq tizimi bilan bog‘lash istagidagi yoshlar Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi tomonidan tashkil etilayotgan «Yosh soliqchilar klubi»  a'zoligiga jalb qilinadi.

Top