O‘zbekiston | 21:14 / 16.04.2019
4418
3 daqiqa o‘qiladi

«Gender tenglik masalasida Xitoyning O‘zbekistondan o‘rganadigan jihatlari bor» - OTB vitse-prezidenti

Osiyo taraqqiyot banki (OTB) vitse-prezidenti janob Shisin Chen O‘zbekiston gender tenglik masalasida hatto Xitoydan ham oldinda ekani, kezi kelganda Xitoyning bu borada O‘zbekistondan o‘rganadigan jihatlari bor ekanini ta'kidladi. Kun.uz muxbiri 16 aprel kuni start berilgan mintaqada gender tenglikni barqaror rivojlantirishni tezlashtirish masalalariga bag‘ishlangan mintaqaviy seminar doirasida shu haqida xabar berdi.

"O‘zbekiston kuchli mamlakat, uning rahbariyati ham qudratli. O‘zbekiston gender tenglik masalasida Xitoydan oldinda bo‘lgan yagona mamlakatdir, bu masalada sizlardan o‘rganadigan jihatlarimiz talaygina. Zero so‘nggi vaqtlarda O‘zbekistonda gender tenglikni ta'minlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar tahsinga sazovordir. Masalan, Xitoyda bir tuzilmani o‘zgartirish uchun juda ko‘p vaqt talab qilinadi. Aslida xotin-qizlarning faollashuvi mamlakat yalpi ichki mahsulotining o‘sishiga ham yordam beradi", - dedi OTB vitse-prezidenti.

Shuningdek, janob Shisin Chen ayollar va erkaklar orasida ishlarni teng taqsimlash muhim ekanligi, ayollarni faqat tor doira bilan cheklab qo‘yish kerak emasligiga urg‘u berdi.

"Misol uchun, mening hayotiy tajribamga ko‘ra, ayollar faolligi mehnat samaradorligini oshiradi. Bundan foydalanmaslik aholi yarmining rivojlanmayotganidan darak beradi", - dedi u.

Janob Chenning ta'kidlashicha, 2018 yilda OTBning mintaqadagi loyihalari 57 foizi gender komponentga ega ekani, bunday loyihalar ulushi 2009 yilga nisbatan 28 foizga oshgan. OTB vitse-prezidenti O‘zbekiston hukumatiga gender tenglik bo‘yicha olib borilayotgan jadal ishlar uchun o‘z ehtiromini bildirdi.

Ikki kunlik seminarning birinchi kuni Markaziy Osiyo va Kavkazning 10 mamlakatidan 60 nafardan ortiq vakillar to‘planishdi va mintaqada gender tenglik targ‘ibotini tezlashtirish masalalarini muhokama qilishdi.

Tadbir Osiyo taraqqiyot banki hamda Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan tashkillashtirilgan bo‘lib, g‘oya va tajriba almashish uchun ajoyib imkoniyatdir.

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid