22:09 / 18.04.2019
37739

Ortiqxo‘jayev diplomatlar va huquq faollari bilan uchrashuvga nega kelmagani sababi ma'lum qilindi

15 aprel kuni Toshkentda g‘arb diplomatlari, xalqaro va mahalliy huquq faollari, jurnalistlar va tadbirkorlar ishtirokida O‘zbekistonda fuqarolar va tadbirkorlar noroziliklariga sabab bo‘layotgan uylar buzilishi muammolariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Mazkur yig‘ilishda Toshkent shahar hokimligidan vakil ishtirok etmadi hamda bu holatga ayrim ommaviy axborot vositalarida alohida urg‘u berildi. 

Poytaxt hokimligi matbuot xizmatining ma'lum qilishicha, uchrashuvga 12 aprelda yozilgan taklif xati hokimlik kanselyariyasiga 15 aprel kuni ertalab tashlab ketilgan. Hokimiyat ish reglamentiga ko‘ra, kun davomida qabul qilib olingan murojaat va takliflar hamda boshqa xat-hujjatlar ro‘yxatga olinib, tegishli mas'ullar belgilanib, hokimning kotibiyatiga yo‘naltiriladi. Yig‘ilgan korrespondensiya kun oxirida tegishli topshiriq va javoblarni olish uchun hokimga taqdim etiladi. 

«Shuni inobatga olgan holda uchrashuv bo‘yicha taklifni 3-4 kun oldin jo‘natish maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Yo‘llangan xatning uslubi ham jiddiy yondashuvga undaydigan tarzda bitilmaganini uning quyidagi nusxasidan ham bilib olsa bo‘ladi. Shahar hokimining ish rejasi oldindan belgilanganini hisobga olib, tashkilotchilar uchrashuv kunini hokimiyat mas'ullari bilan oldindan muvofiqlashtirganda, hozirgi vaziyatga o‘xshagan tushunmovchilik ro‘y bermas edi», - deyiladi matbuot xizmati xabarida.

Bundan tashqari, xat “Gumanitar xuquq markazi” direktori tomonidan imzolangan bo‘lib, unda tashkilotning aniq manzili, telefon raqami yo‘qligi sabab, uning faoliyati qonuniy yoki noqonuniy ekanligini aniqlashning imkoni yo‘q. 

«Xatda yozib qoldirilgan raqam orqali ham uchrashuv va uning tashkilotchisi xaqida to‘liq ma'lumot olishning iloji bo‘lmadi. Uchrashuv tashabbuschilariga keyingi safar puxtaroq tayyorgarlik ko‘rishni tavsiya qilgan bo‘lardik. Zeroki, shahar hokimining noma'lum tashkilot uyushtirayotgan noma'lum uchrashuvga zudlik bilan yetib borishining ehtimoli juda past», - deyiladi hokimlik matbuot xizmati tomonidan.

Toshkent shahar hokimiyati muloqot uchun ochiqligini ma'lum qilgan holda inson huquqlari bo‘yicha faollar, xalqaro tashkilotlar va diplomatik korpus vakillari bilan tegishli mavzularda hamkorlik qilishga, birgalikda mavjud muammo va kamchiliklarni bartaraf etishga tayyorligini bildirgan. 

«Aynan shu mavzularni birgalikda o‘rganib chiqish va muhokama qilish uchun, shahar hokimi avval ham aytganidek, uchrashuv tashkil etilishi rejalashtirilgan. Uning aniq tafsiloti xaqida shahar hokimiyati matbuot xizmati qo‘shimcha xabar beradi. Dezinformatsiya va shoshilinch xulosalarni oldini olish maqsadida ommaviy axborot vositalari, bloger va jurnalistlarni ular qiziqqan mavzularda o‘zaro aloqaga chiqib, muloqot qilib, vaziyatning ikkinchi tomonini ham o‘rganishga, jamoatchilikka aniq ma'lumotlar tarqatishga, xolis yondashuvga va beg‘araz hamkorlikka chaqiramiz», - deyiladi matbuot xizmati xabarida.

Eslatib o‘tamiz, 15 aprel kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ishtirok etgan Kun.uz muxbiri shahar hokimligi bilan bog‘lanib, hokimlikdan nima uchun vakil qatnashmagani borasida izoh so‘raganida, hokimlik vakili tadbir yuzasidan taklifnoma kech yetkazilganini ma'lum qilgandi.

Top