O‘zbekiston | 21:39 / 19.04.2019
6456
4 daqiqa o‘qiladi

Energetika vazirligida O‘zbekiston-Koreya hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi

O‘zbekiston Respublikasi energetika vaziri Alisher Sultonov Koreya Respublikasi delegatsiyasi vakillari bilan uchrashdi. 

Vazirlik matbuot xizmatidan Kun.uz'ga ma'lum qilinishicha, uchrashuv davomida Koreya tomon zamonaviy O‘zbekistonning rivojlanish dinamikligini alohida  e'tirof etgan. Jumladan, Korea Eximbank (Koreya eksport-import banki) prezidenti In Son Su mamlakatdagi islohotlarga yuksak baho bergan va energetika sohasidagi islohotlar mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy o‘sishi, biznes va investitsion jozibasi oshishi, aholi turmush tarzi yaxshilanishi va farovonligi oshishidagi eng muhim omillardan biri ekanini ta'kidlagan. 

Tomonlar «Uzbekistan GTL» sintetik suyuq yoqilg‘i ishlab chiqaruvchi zavodi va «Uz-KorGasChemical» Surgil gaz-kimyo kompleksi qurilishi bilan bog‘liq masalalarni muhokama qilishdi. Bunday loyihalarni muvaffaqiyatli yo‘lga qo‘yish O‘zbekistonga sarmoya kiritishni rejalashtirayotgan koreyalik investorlar uchun muhim indikator bo‘lib xizmat qiladi. 

Uchrashuvda Korea Eximbank moliyalashtiruvini jalb qilgan holda amalga oshirish taklif etilayotgan loyihalar ham muhokama qilindi. Buxoro neftni qayta ishlash zavodi modernizatsiyalash, IESlar bug‘-gaz uskunasini qurish, avtomatik nazorat va axborot yig‘ish tizimi (SCADA), shuningdek elektr energiya iste'molini avtomatik nazorat qilish va hisobga olish tizimlarini joriy qilish shular jumlasidandir. Shu bilan birga, O‘zbekiston tomon SCADA loyihalari uchun EDCF (Iqtisodiy taraqqiyot va hamkorlik jamg‘armasi) mablag‘larini jalb qilish imkonini ko‘rib chiqishni taklif etdi. 

Kredit liniyalarini ochish bilan bog‘liq jarayonlar shaffofligini ta'minlash va ularni tezlashtirish uchun qo‘shma ishchi guruhni tashkil qilishga oid kelishuvga erishildi. Loyihalarni 2019 yil oxirigacha moliyalashtirishni boshlash maqsad qilingan. 

Bundan tashqari, Koreya energetika agentligi prezidenti Kim Chan Syob boshchiligidagi delegatsiya vakillari bilan issiqlik elektr stansiyalari energosamaradorligini oshirish, tizim modernizatsiyasi va yaxshilanishi masalalari muhokama qilindi. Koreya tomon IES yangi quvvatlarini qurish emas, eskirgan uskunalarni yangilash maqsadga muvofiq ekaniga doir fikr bildirdi. Delegatsiya vakillari O‘zbekiston elektr stansiyalariga tashrif buyurishga qiziqish bildirishdi. 

Shuningdek, Energetika vazirligida KoreaTelecom kompaniyasi delegatsiyasi ham bo‘ldi. Kompaniya energiya resurslari xarajatlarini hisobga oluvchi zamonaviy texnologiyalarni joriy qilishni talab qiluvchi qator loyihalarni amalga oshirish, infratuzilmani modernizatsiya qilish va kadrlarni tayyorlashda yordam berishga tayyor ekanligi ma'lum qilindi. 
 
Posco International, Kepco va Hyundai kompaniyalari bilan uchrashuvlar davomida konsorsium yo‘li orqali salohiyatli loyihalarni ishlab chiqishda hamkorlik qilishga qiziqish bildirildi. 19 aprel kuni O‘zbekiston-Koreya biznes forumida konsorsium bilan energetika sohasida hamkorlik qilish bo‘yicha memorandum imzolandi. 

Posco International kompaniyasi, o‘z o‘rnida, salohiyatli tabiiy gaz maydonlarida geologorazvedka ishlarini olib borish uchun yangi blok taqdim etishga oid murojaat bilan chiqdi. Koreya tomon O‘zbekiston yoqilg‘i-energetika sohasi uchun malakali kadrlarni tayyorlashda yordam ko‘rsatishga tayyor ekanini bildirdi.

Mavzuga oid