14:39 / 19.04.2019
4323

Ommaviy sayyor qabullarda fuqarolar muammolariga joyida yechim topilmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining o‘rinbosari A.Usmonov Termiz shahrida sayyor qabul o‘tkazib, aholi bilan uchrashdi.

Unda tegishli vazirlik mutasaddilari, Surxondaryo viloyat va Termiz shahar hokimligi, tashkilot, korxonalar hamda ta'lim muassasalari rahbarlari ishtirok etdi.

Ochiq muloqot shaklida tashkil etilgan qabulda 243 nafar fuqaroning 270 ga yaqin murojaati tinglanib, ularga ijobiy yechim topish bo‘yicha tegishli vazirlik, muassasa, korxona va tashkilotlar rahbarlariga aniq topshiriqlar berildi. Mazkur murojaatlarning aksariyati uy-joy, moddiy yordam, ishga joylashish, sog‘liqni saqlash kabi masalalarga oid bo‘lib, ko‘pchiligi joyida yechimini topdi. 

Masalan, Termiz shahridagi Navro‘z mahallasida yashovchi Mayram Jumayeva moddiy imkoniyati yetmayotgani sababli ko‘p yillardan buyon sog‘ligini tiklay olmayotgani va Toshkent shahridagi tibbiyot muassasalaridan birida jarrohlik amaliyotini o‘tkazishga ehtiyoj sezayotganini ma'lum qildi. Bu masala Termiz shahar hokimligi tomonidan joyida hal etildi. Fuqaroning davolanishi uchun 5 mln so‘m mablag‘ ajratildi. 

Tuproqqo‘rg‘on mahallasida yashaydigan Zuhra Raimova ishga joylashish masalasida yordam so‘rab, murojaat etdi. Bu masala ham joyida hal etilib, fuqaro Surxondaryo viloyat “Elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatiga ishga qabul qilindi.

Sayyor qabul chog‘ida yordam so‘rab murojaat etgan 11 nafar chin yetim talabalarning o‘qishi uchun zarur bo‘lgan 49 048 452 so‘m kontrakt mablag‘lari shahar hokimi tomonidan o‘tkazib berildi. 

Sayyor qabul jarayonida tinglangan murojaatlarning 103 tasi joyida o‘z yechimini topdi. Muddat talab etadigan murojaatlarni hal etish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berilib, ijrosi qatiy nazoratga olindi.

Viloyat tumanlarida ham huddi shunday sayyor qabullar yuqori saviyada o‘tkazildi.

Bundan tashqari, Farg‘ona viloyati prokurori tomonidan Rishton tumanida ommaviy sayyor qabul o‘tkazildi

Qabul davomida 120 nafar fuqaroning murojaati tinglandi va 93 ta yozma murojaat qabul qilinib, ularning aksariyatiga shu yerning o‘zida yechim topildi.

Murojaatlar asosan, sog‘liqni saqlash, ishga joylashish, uy-joy, moddiy yordam, yo‘llarni ta'mirlash, toza ichimlik suvi bilan ta'minlash, tadbirkorlikni qo‘llab quvvatlash hamda kommunal masalalarga oid bo‘ldi.  

Sayyor qabul jarayonining o‘zida 10 nafardan ortiq fuqarolar ishga joylashtirilishi, 15 nafardan ortiq fuqarolarning kommunal xo‘jalik bilan bog‘liq muammolari hal etilishi, 6 nafar fuqarolar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, davolanishga yotqizilishi, 1 nafar fuqaroga nogironlik aravachasi, 2 nafar fuqarolarga moddiy yordam berilishi ta'minlandi.

Top