Ijtimoiy tarmoqlarda hamisha muhokama markaziga chiqib oladigan mavzulardan biri bu o‘qituvchi va o‘quvchilar munosabatlaridir. Ba'zida ustozlarning o‘quvchiga nisbatan kuch ishlatgan holatlari aks etgan videolar tarqalib qoladi va ular ostidagi yuzlab izohlarda tomonlar teng ikkiga bo‘linib ketadi hamda tortishuvni avjiga chiqarishadi.
Bir surat bor. Yerda yotgan bu suratda raqam tasvirlangan. Uning bir tomonida turgan odam raqamni 6 deb baqiradi, ikkinchisi esa 9 ekanligini zo‘r berib ta'kidlaydi. Mutlaq haq tomonlar bo‘lmagan, hammasi nuqtai-nazarlarga bog‘liq bo‘lgan bahslarni shu surat ifodalab beradi, ya'ni bu yerda hammasi nisbiy.
O‘qituvchilar va o‘quvchilarning munosabatlarida urish yo‘li bilan jazolash usuli haqida shu suratni misol keltirish mumkin. Har ikki tomon bir narsani – bolaning munosib ta'lim olishini xohlaydi, faqat buning uchun daryoning ikki tomonidan turib olib, o‘zini haq deb biladi. Ya'ni, bunday bahslarda hamma o‘zinikini ma'qullayveradi.
Ko‘pchilik bolaga nisbatan kuch ishlatish mutlaq mumkin emasligini ta'kidlaydi, ammo o‘qituvchini yoqlaydiganlar ham talaygina.
Keling, ana shu ikkinchi toifaning argumentlari bilan tanishamiz.
Qadimdan ota-onalar o‘z farzandlarini ta'lim uchun ustozga topshirishdan oldin bir gapni ta'kidlashgan: «Eti sizniki, suyagi bizniki». Bu endi aksioma!
Ota-onaning o‘zi farzandini ustozga ishonib bermoqda, ta'limi uchun qanday usulni tanlashi to‘la-to‘kis ustozning ixtiyoridaligini bildirmoqda, nima bo‘lganda ham bola ilmli bo‘lishi shartligini ta'kidlamoqda.
Albatta, o‘qituvchining muntazam urishini, unga ham ruhiy, ham jismoniy zarba berishini umuman oqlab bo‘lmaydi. Ammo bir narsani unutmasligimiz lozim – hech bir ustoz o‘z o‘quvchisiga yomonlik tilamaydi, shogirdi kamolotga erishsa, faxrlanadi, hayotda o‘z yo‘lini yo‘qotsa, afsuslanadi. O‘qituvchilar hamisha yaxshi gapga kirmagan, dars jarayoniga xalaqit bergan o‘quvchilarni jazolab kelishgan.
Bu telefonlar chiqmasidan avval ham bor edi, shunchaki hozir ommaga tarqatilyapti, xolos. Yoshi ulg‘ayganlar bir savolga javob bersinlar-chi – qaysi birimiz ustozimizdan tarsaki yemaganmiz? Hozir biz uchun jon kuydirgan, yoshlari bir joyga borgan o‘sha o‘qituvchilarga nisbatan kek saqlayapmizmi?!
Bolalarni urishni qattiq qoralovchilarni tushunish mumkin, o‘quvchi ruhiy zarba oladi, bu uslubning samarasi shubhali. Biroq bir narsani unutib qo‘ygandekmiz – ko‘z o‘ngimizda tartibni anchayin unutib qo‘ygan, har bir tashabbusni ermak bilan kutib oladigan, internet va zamonaviy texnologiyalarga mukkasidan ketgan, o‘qishni beshinchi darajadan ham pastda ko‘ruvchi, uzoq yillar davomida o‘qituvchi tizim tomonidan kamsitilib kelayotganini kuzatib, o‘zini ham shunday yo‘l tutishga haqli deb hisoblovchi avlod ulg‘ayganini, ulg‘ayayotganini nahotki anglamaymiz?















