Sport | 10:05 / 21.04.2019
10243
3 daqiqa o‘qiladi

Krishtianu Ronaldu – Angliya, Ispaniya va Italiya chempioni bo‘lgan ilk futbolchi

Foto: "Yuventus" FK

«Yuventus» A Seriyaning 33-turida «Fiorentina»ni mag‘lub etib (2:1), chempionat g‘olibiga aylandi, jamoa yetakchilaridan biri Krishtianu Ronaldu ilk marotaba Italiya chempioni bo‘ldi.

34 yoshli portugaliyalik bunga qadar «Manchester Yunayted» tarkibida Angliya, «Real» bilan esa Ispaniya chempioni bo‘lishga erishgandi. Shu tariqa, u Angliya, Ispaniya va Italiya chempionatlarida g‘alaba qozongan tarixdagi ilk futbolchiga aylandi.

Endilikda Ronalduning shaxsiy jamg‘armasida APLning 3ta, La Liganing 2ta va A Seriyaning 1ta oltin medali bo‘ladi.

Ma'lumot uchun, 7-raqam egasi hisobida A Seriyaning 27ta o‘yinida urilgan 19ta gol va 11ta assist bor. Krishtianu bu natija bilan to‘purarlar ro‘yxatida 4-o‘rinda bormoqda, peshqadam Fabio Kvalyarella undan uchta ko‘proq gol urgan. «Gol+pas» tizimi bo‘yicha har ikkala futbolchi 30 ochkoga ega.

Qayd etish kerak, Turin klubi muddatidan oldin, liga yakuniga 5ta tur qolganida qatorasiga 8-marta bosh sovrinni o‘ziniki qilib oldi. Endilikda «Yuve» muzeyidan 35-skudetto joy oladi. Har ikkala ko‘rsatkich – jami 35 marta va uzluksiz 8 mavsum chempion bo‘lish A Seriya uchun rekord natija sanaladi. Rasman 117 marotaba o‘tkazilgan birinchilikda g‘olib chiqish bo‘yicha ikkinchi o‘rin «Milan» va «Inter» klublariga tegdi – milanliklar 18 martadan Italiya chempioni bo‘lishgan.

Ta'kidlash o‘rinliki, kuchli beshlikda «Yuventus»gacha hali hech qaysi klub ketma-ket 8 marotaba milliy chempionat g‘olibi bo‘la olmagandi. «Keksa sinora» o‘zining o‘tgan yilgi va Fransiya chempionatida «Lion»ning 2002-2008 yillardagi 7 mavsumdan iborat chempionlik seriyasi bo‘yicha rekordini yangiladi.

Mavzuga oid