Har qanday investor mamlakat qonunchiligi, sud-huquq tizimi va iqtisodiy barqarorlik shartlari bilan yaxshi tanishib chiqqach, biron maqsadni ko‘zlab, sarmoya kiritadi. O‘zbekistonda bu shartlarni amalga oshirish imkoniyati bormi? Investorlarga O‘zbekiston qonunchiligini yaxshi o‘rganish, mavjud vaziyatdan boxabar bo‘lishi uchun ko‘ngildagidek imkoniyat yaratib berilganmi?

Tashqi savdo va investitsiyalar vazirligining Kun.uzʼga ma'lum qilishicha, hozirgi vaqtda mamlakatga investorlarning 55 foizi ingliz tilida so‘zlashadigan davlatlardan tashrif buyurgan. Bularning ichida Xitoy, Koreya, Yaponiya kabi davlatlar ham mavjud. Ular bilan ham muzokaralar aynan ingliz tilida olib boriladi. Sarmoyadorlarning 8-10 foizi turkiy til, 20 foizi esa rus tilida so‘zlasha oladi.

Ayni vaqtda O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari ma'lumotlari milliy bazasi (Lex.uz veb-sayti)da normativ-huquqiy hujjatlar joylashtirilgan bo‘lib, yuridik va jismoniy shaxslaring undan foydalanishi ta'minlangan. Mazkur veb-saytning Ars in English bo‘limida ayrim qonun hujjatlarining ingliz tilidagi matnlari ham mavjud.

Adliya vazirligi matbuot xizmatining ma'lumotiga ko‘ra, qonun hujjatlarini boshqa tillarga tarjima qilish masalasi juda uzoq davom etadigan jarayon bo‘lganligi bois, Lex.uz veb-sayti qoshida tashkil etilgan maxsus tarjimonlar guruhi bu bilan doimiy ravishda shug‘ullanib kelishmoqda.

«Qachon va qanday qonunlar, qarorlar boshqa tilga tarjima qilingan bo‘lsa, saytga kechiktirmay qo‘yib boriladi. Hozirda mavjud qonunlar uch xil tilda saytga joylashtirilgan», — deydi vazirlik matbuot kotibi Sevara O‘rinboyeva.

Kodekslar esa o‘zgaruvchan va qonunlarning jamlanmasi hisoblangani uchun biror bir qonunga o‘zgartirish kiritilganidan so‘ng, ular yig‘iladi. Lekin O‘zbekistonda Investitsiya kodeksi haligacha qabul qilinmagan. 2017 yilda kodeks loyihasi ishlab chiqilishi aytilgan bo‘lsa-da, kodeks o‘rniga «Investitsiyalar va investitsiya faoliyati to‘g‘risida»gi qonun qabul qilindi. U esa ingliz tiliga ham tarjima qilinganiga qaramay, Soliq va Bojxona kodekslari, mamlakatning sud-huquq tizimi haqida batafsil ma'lumot beruvchi qonunchilik bazasi ingliz tilida mavjud emas.

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti dotsenti, yuridik fanlar nomzodi Haydarali Yunusovning fikrlariga ko‘ra, kodekslar – muayyan turdagi huquqiy munosabatlarni tartibga soluvchi normalarni o‘zida mujassamlashtirgan qonunchilik hujjatlarining tizimlashtirilgan holda yaxlit bitta normativ hujjatdagi ko‘rinishidir. 

«Kodekslar u yoki bu mamlakatda muayyan sohadagi huquqiy tartibot yoki holatning to‘laqonli manzarasini chizib beradi hamda huquq sub'yektlariga turli huquqiy munosabatlar kesishmasida muqobil yechimlarni bir joyga jamlagan holda taqdim etadi. Kodekslarning yana boshqa bir qator afzalliklari mavjud, ammo shu bilan birga ularning salbiy jihatlari ham inkor etilmaydi. Kodekslashtirilgan yuridik normalar muayyan qat'iy mezonlar asosida tizimlashtirilgani bois, o‘zining moslashuvchanligi va qayishqoqligi (elastikligi)ni yo‘qotadi. Yuridik ta'limdan yiroq oddiy kishilar kodeksning minglab moddalari girdobida «yo‘qolib» qoladi. Yirik hajmdagi «og‘irlashib» ketgan kodekslardan ko‘ra zarurat taqozo etayotgan ixcham qonunlarni o‘qish odamlar uchun qulayroqdir», —  deya ta'kidlaydi u.