17:35 / 23.04.2019
25128

Zinedin Zidan kimni jahonning eng yaxshi hujumchisi deb hisoblashini aytdi

Foto: GABRIEL BOUYS/Getty Images

«Real» bosh murabbiyi Zinedin Zidan jamoa hujumchisi Karim Benzemaning bu mavsumdagi mahsuldorligiga to‘xtalib o‘tdi. Uning so‘zlarini Goal nashri keltirib o‘tgan.

«Benzema qanday futbolchi ekanini bilaman. Jamoadoshlari ham uning qanday o‘yinchi ekanini, jamoaga qanchalik foydasi tegishini bilishadi. Haqiqatan ham urgan gollarining sanog‘iga aql bovar qilmaydi. Uning uchun juda xursandman, lekin bu mahsuldorligidan hayratga tushayotganim yo‘q.

Men uchun Benzema jahondagi eng yaxshi markaziy hujumchi. To‘g‘ri, bu masalada har kimning o‘z shaxsiy fikri bor», – deya ta'kidladi Zidan.

Ma'lumot uchun, Benzema bu mavsum barcha musobaqalar doirasida «Real»ning 50ta o‘yinida maydonga tushib, 30ta gol va 10ta golli uzatma muallifi bo‘ldi. U yana ikkita goldan keyin bir mavsumda urgan gollari soni bo‘yicha shaxsiy rekordini takrorlaydi.

Eslatib o‘tamiz, 31 yoshli Karim La Liganing o‘tgan turida «Atletik» darvozasiga uchta to‘p kiritgan, shundan so‘ng jurnalistlar bilan suhbatda shunday degandi: «Real»da qolmoqchiman. Men dunyoning eng yaxshi klubi tarkibida o‘ynayapman»

Top