Jamiyat | 20:32 / 25.04.2019
18430
3 daqiqa o‘qiladi

Xarobaga aylangan Sardoba

Sirdaryo viloyati Sardoba tumanida joylashgan «Yog‘ochli sardoba» tarixiy obidasi achinarli holatga kelib qolgan. Bu haqida Mahalla nashrida maqola e'lon qilindi.

Muallifning yozishicha, ayni ahvoldan bu joy qachonlardir Buyuk Ipak yo‘li karvonlarining sevimli maskanlaridan biri sifatida qaynoq va gavjum shahar bo‘lganiga ishonish qiyin.

Obidaning atrofi temir panjara bilan to‘silgan, darvozasi esa bir parcha mato bilan bog‘lab qo‘yilgan. Tevarak-atrofi chiqindilar bilan to‘la, yonidagi ikkita binoning qurilishi ham yakuniga yetmagan. «Yog‘ochli sardoba»  joylashgan hududda sayyohlar uchun deyarli sharoit yo‘q.

«Yog‘ochli sardoba»  «Toshkent — Samarqand — Buxoro»  shaharlarini bog‘lovchi avtomagistral yo‘l yoqasida joylashgan. Ushbu o‘ziga xos yodgorlik bu avtomagistral yo‘ldan o‘tuvchilar uchun ham qiziqarli bo‘lishi tabiiy. Shu sababli yodgorlik turistik marshrutga kiritilsa, sayyohlar Mirzacho‘lning Buyuk Ipak yo‘lida tutgan o‘rni to‘g‘risida ko‘plab ma'lumotlarga ega bo‘lishlariga yordam beradi» ,– deya bayon etadi muallif.

Ma'lumot uchun, Sardoba haqidagi ilk ma'lumot Hofiz Tanish al-Buxoriyning «Abdullanoma»  asarida keltirilgan. Buxoro xoni Abdullaxon II Toshkentga yurishi chog‘ida shu hududda hordiq chiqarish uchun to‘xtab, suvsizlikdan qiynalgan askarlari uchun sardoba va karvonsaroy qurishni buyuradi.

Inshootning g‘ishtlari kvadrat shaklda bo‘lib, gumbazning ichki diametri 15, balandligi 12 metr. Sardobaning ichki qismida yerdan 2 metr balandlikda yopiq, uyasimon tuynuklar joylashgan. Devorining qalinligi pastki qismida 1,5 metrni tashkil etsa, yuqoriga ko‘tarilgan sari yupqalashib boradi va eng yuqori qismida uning qalinligi bir g‘isht ko‘rinishiga keladi. Unga faqatgina shimol tarafdan kirilgan. Qolgan uch tarafida ark ko‘rinishidagi tuynuklar bo‘lgan. Kirish arksimon bo‘lib, undan g‘ishtli zinapoyalar orqali sardoba ichkarisiga o‘tilgan.

Mavzuga oid