Jahon | 22:01 / 26.04.2019
6522
2 daqiqa o‘qiladi

Shri-Lanka prezidenti teraktlardan keyin mamlakatdagi har bir uyni tekshirishni buyurdi 

Shri-Lanka prezidenti Maytripala Sirisena 21 apreldagi portlashlardan keyin oroldagi barcha turar joy inshootini tekshirib chiqishni buyurdi. “Katta ko‘lamli qidiruv operatsiyasi boshlandi. Mamlakatdagi har bir uy tekshiriladi. Noma'lum shaxslar yashashini istisno qilish uchun har bir inshootda yashovchi doimiy aholi ro‘yxati tuziladi”, deb aytilgan Sirisena bayonotida. 

21 aprelda orol-davlatda uning tarixidagi eng yirik teraktlar sodir etildi. Portlashlar oqibatida halok bo‘lganlar soni 250 ga yaqinni tashkil qilmoqda.     

Teraktlar bilan bog‘liq holda 80 ga yaqin odam hibsga olingan, bu ish bo‘yicha umumiy hisobda 139 kishi o‘tmoqda. 

Butun mamlakat bo‘ylab yuqori xavfsizlik choralari joriy qilingan. Poytaxt Kolombo va boshqa shaharlardagi avtomobil yo‘llarida shubhali shaxslar va transport vositalarini tekshirish uchun blokpostlar o‘rnatilgan. Politsiya matbuot kotibi Ruvan Gunasekara fuqarolarni politsiya bilan hamkorlik qilishga va vahimaga tushmaslikka chaqirgan. 

Politsiya gavjum joylarda qo‘yilgan shubhali transport vositalarini yo‘q qilish uchun yo‘naltirilgan portlashlarni qo‘llamoqda.  

Qo‘shimcha xavfsizlik chorasi sifatida orol hududida barcha uchuvchisiz parvoz qurilmalarini qo‘llashga taqiqlov kiritilgan. 

Bundan tashqari, Shri-Lankadagi barcha katolik cherkovlar xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat yaxshilanmaguncha yopiq qoladi.

Avvalroq Shri-Lanka mutasaddi idoralari masjidlarda teraktlar sodir etilishi xavfidan ogohlantirilgan. Ta'kidlanishicha, politsiya masjidlarda xavfsizlik choralarini kuchaytirgan.  

Mavzuga oid