Jamiyat | 23:42 / 26.04.2019
5990
5 daqiqa o‘qiladi

Xalqaro ekspert: «O‘zbekiston hukumati rivojlangan mamlakatlar taraqqiyot yo‘lini tahlil qilishi kerak»

Xalqaro ekspert, «Reed Smith» xalqaro yuridik firmasining partnyori Devid Butcher O‘zbekiston hukumati tezkorlik bilan rivojlanayotgan mamlakatlar taraqqiyot yo‘lini chuqur tahlil qilishi kerak, deb hisoblaydi. U Tashkent Law Spring forumi doirasidagi investitsiya mavzusiga bag‘ishlangan muhokama sessiyasida O‘zbekiston haqidagi fikrlarini bayon etdi.

“Turli ko‘rsatkichlar bo‘yicha yuqori reytinglarni egallagan davlatlar bunga qanday qilib erishdi, ularning rivojlanish siri nimada? Buni chuqur tadqiq etish, kerakli xulosalarni amaliyotga joriy etish lozim. To‘g‘ri, O‘zbekiston ham rivojlanyapti, ammo bu ko‘rsatkich hali keragidan past”, – deydi mutaxassis.

Ekspert O‘zbekistonda mas'uliyati cheklangan jamiyatlar, qo‘shma korxonalar sonining ortib borayotganini yutuq sifatida e'tirof etdi hamda investitsion muhitni yaxshilash borasida o‘z tavsiyalarini bildirdi:

─ Qo‘shma korxonalar tuzishda shartnoma talablarini maksimal darajada soddalashtirish lozim. Investor muayyan kelishuvga erishish uchun qancha vaqti va mehnati ketishini chamalab ko‘radi. Hammasi sodda va ixcham bo‘lishi kerak. Ortiqcha qog‘ozbozlik yoki qandaydir cheklovlar investorni itaradi. Hukumat muntazam ravishda investor bilan muloqotni saqlab qolishi zarur. Ochiq so‘rang: u nimani istayapti, unga qanday sharoit yetishmayapti? Hukumat va biznes o‘rtasidagi muloqot qanchalik ochiq bo‘lsa, uning ishonchililik darajasi shunchalik ortadi. Iqtisodiy va huquqiy ko‘rsatkichlar aniq, ishonarli, va eng asosiysi, ochiq bo‘lishi muhim.

Buyuk Britaniyalik mutaxassis Saymon Koks xalqaro investitsiyalarni rag‘batlantirish maqsadida nimalarga ahamiyat qaratish kerakli xususida so‘z yuritdi.

“Har qanday investor pul tikishdan oldin mamlakatdagi bir necha jihatlarga e'tibor qaratadi: siyosiy barqarorlik mavjudmi, qonunchilikdagi o‘zgarishlar balansi qanday va ular ijobiymi, kredit olish tartibi muammo tug‘dirmaydimi, malakali ishchi kuchi mavjudmi, davlatning xususiy sektor faoliyatidagi roli qanchalik, qo‘shni davlatlar bilan munosabatlar qanday yo‘lga qo‘yilgan? Mana shu savollar orqali sarmoyador investitsion muhit haqida tasavvurga ega bo‘ladi”, – deydi u.

Shuningdek, ekspert davlat hisobotlarining haqqoniy bo‘lishiga ham ahamiyat qaratdi: “Agar mamlakat tashqi investorlarni jalb qilmoqchi bo‘lsa, o‘zidagi iqtisodiy holat haqida doimiy ravishda haqqoniy hisobotlarni e'lon qilib borishi lozim. Bu yerda qaysi investorlar ishlayapti, ular o‘z ishini qanday yo‘lga qo‘ya oldi, qanchalik foyda ko‘rdi? Shu kabi ma'lumotlar ochiq e'lon qilinsa, mablag‘ egasini jalb qila olish mumkin”.

Muhokama sessiyasi davomida Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri o‘rinbosari Laziz Qudratov O‘zbekistondagi investitsion muhit holati bo‘yicha ma'umot berdi:

─ O‘zbekistonda kadarlarning salohiyati yuqori darajada. Aholining ziyolilik darajasi qariyb Singapurniki bilan teng. Birinchi sinfdanoq bolalarga ingliz tilini o‘qitish amaliyoti joriy etilgan. Yetmishdan ziyod oliy ta'lim muassasalari hamda bir qancha xorijiy universitetlarning filiallari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, O‘zbekistonda katta hajmdagi xilma-xil tabiiy boyliklar mavjud.

Investitsion muhitni yaxshilash mamlakat taraqqiyot strategiyasining muhim masalalaridan biri hisoblanadi. Aholi o‘rta qatlamiga e'tiborni kuchaytirish, iqtisodiyotni liberallashtirish hamda unda xususiy sektorning rolini oshirish kabilar muhim ahamiyatga ega.

Laziz Qudratov mamlakatning investitsion jozibadorligini oshirish maqsadida amalga oshirilgan ishlarga ham to‘xtalib o‘tdi.

“O‘zbekistonda to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi tashkil etilgan. 1 mlrd dollar mablag‘ga ega mazkur jamg‘arma investorga biznesni yo‘lga qo‘yishdagi risklarni kamaytirish, tayanch bo‘lish kabi vazifalarni bajaradi. Shu bilar birga, Prezident huzurida Xalqaro investorlar kengashi tuzildi. Bu orqali investorlar bilan bevosita muloqot qilish, investitsion muhitni yaxshilash bo‘yicha fikr almashish imkoniyati yuzaga keldi. Viza tizimining soddalashtirilgani, Vazirlar Mahkamasining ixchamlashtirilgani ham shu sohadagi harakatlar sirasiga kiradi”, – deydi u.

Vazir o‘rinbosarining ma'lumot berishicha, ilgari asosan tog‘-kon, neft qazib chiqarish, kimyo sanoatiga sarmoya kiritilgan bo‘lsa, yaqin yillarda to‘qimachilik, avtomobilsozlik, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarishga ham investorlar qiziqish bildirmoqda. O‘zbekiston biznes qilish reytingida 2012 yilda 166-o‘rinni egallagan bo‘lsa, 2019 yilda 76-o‘ringa ko‘tarilgan. Mamlakatning yillik rivojlanish ko‘rsatkichi xalqaro tashkilotlar tomonidan 5-6 foiz deya baholangan.

Mavzuga oid