Jahon | 19:07 / 27.04.2019
37631
3 daqiqa o‘qiladi

«Insoniyat uchun dahshatli saboq» – rossiyalik jurnalistlar Orol dengizi haqida lavha tayyorlashdi

7-8 may kunlari Orol dengizini qutqarish xalqaro fondi ijroiya qo‘mitasi ushbu suv havzasi bilan chegaradosh mamlakatlarga yordam berish dasturini muhokama qiladi. Shu munosabat bilan “Rossiya” telekanali muxbirlari bugungi kundagi Orol dengizi to‘g‘risida ko‘rsatuv tayyorlashdi.

 “O‘z vaqtida dunyoda kattaligi jihatidan to‘rtinchi o‘rinda turuvchi ko‘l hisoblangan Orol dengizi bir avlod almashinuvi davomida jonsiz sahroga aylandi. Orol fojiasi tabiat insonning nooqilona munosabatiga nisbatan keskin javob qaytarishi mumkinligini ko‘rsatadi. Bir paytlar bu yerda dengiz bo‘lganini faqatgina chig‘anoqlar va zanglagan kemalargina yodga soladi. Har bir kema ortida esa o‘ng minglab oilalar taqdiri yotadi”, deydi telekanal muxbiri.

Ma'lumot berilishicha, atigi yarim asr oldin uning maydoni deyarli 70 ming kv. kmni tashkil etgan. Hududda daromadning asosiy manbai baliqchilik hisoblangan. Paxta dalalarini sug‘orish uchun dengizga quyiluvchi daryolarning burib yuborilishidan so‘ng vaziyat keskin o‘zgargan. Dengizning qurishi oqibatida tuzli bo‘ronlar yuz bera boshladi. 

Muxbirning so‘zlariga ko‘ra, umumiy maydoni olti million gektarni tashkil etuvchi qurigan dengiz tubidan yiliga 150 million tonnagacha zararli chang-to‘zon ko‘tariladi. Orol dengizining tuzi hattoki Arktikada ham topilgan. 

Bugungi kunda ulkan ko‘ldan kichkinagina suv havzasi va insoniyat uchun dahshatli saboq qoldi, deya fikrini yakunlaydi. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Norvegiya hukumati va BMTning Ko‘p tomonlama sheriklik trast jamg‘armasining Nyu-Yorkdagi ofisi BMTning O‘zbekistonni Orolbo‘yi hududi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama sheriklik trast jamg‘armasiga 9,5 million Norvegiya kroni (qariyb 1,1 million AQSh dollari) miqdoridagi to‘lovni tasdiqlovchi standart shartnomani imzolagandi.

Kuni kecha Xitoyda “Bir makon, bir yo‘l” ikkinchi xalqaro forumida so‘zga chiqqan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Orol dengizi qurishi oqibatida yuzaga kelgan ekologik vaziyatni bartaraf etish umumiy vazifa ekanini ta'kidladi. O‘zbekiston prezidenti sheriklarni BMTning Orolbo‘yi mintaqasi uchun Trast fondi hamda Orolbo‘yi hududida ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasi faoliyatida ishtirok etishga chaqirdi.  

Joriy yil fevralida Vazirlar Mahkamasining “Orol dengizi tubidagi suvi qurigan hududlarda “yashil qoplamalar” - himoya o‘rmonzorlari barpo etishni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingandi.  

Mavzuga oid