Jahon | 23:37 / 28.04.2019
10682
3 daqiqa o‘qiladi

AQShda sobiq ittifoqni yadroviysizlash arxitektori vafot etdi

Foto: Louie Palu / GlobalLookPress

AQShning Indianapolis shahrida xalqaro ishlar bo‘yicha ekspert Richard Lugar 88 yoshida vafot etdi. 

XXI asrning global muammolarini o‘rganish bilan shug‘ullanuvchi ilmiy-tadqiqot instituti bo‘lgan Lugar markazi ma'lumotlariga ko‘ra, Lugar autoimmun nevrologik kasallik sababli vafot etgan.

Lugar bir necha o‘n yillar davomida AQSh senatining xalqaro ishlar qo‘mitasida ishlagan va ikki marta uning raisi bo‘lgan. U hukumatga qurollarni qisqartirish dasturlarini ishlab chiqishda yordam bergan. Jumladan, Lugar senator Sem Nann bilan birga AQSh Rossiyaga kerak bo‘lmagan sovet davrida ishlab chiqarilgan yadro jangovar kallaklari va ballistik raketalarni yo‘q qilishga pul ajratgan dasturni ishlab chiqqan. Aynan Lugar va Nann sa'y-harakatlari evaziga Ukraina, Qozog‘iston va Belarus yadro qurolisiz qolgan.

“Har bir yadroviy o‘q-dori ombori xavf soladi: terrorchilar ularni o‘g‘irlashga urinishi, ularni qo‘riqlovchi personal esa nafsiga berilib, ularni qora bozorda sotishi mumkin. Biz AQSh harbiy bazasiga hujumning ertasi kuni bu savollarni berishni istamaymiz”, deb aytgan Lugar 2005 yilda.

Lugar shuningdek 1996 yilda prezident saylovlariga nomzodini qo‘ygan, biroq muvaffaqiyatsizlikka uchragan. 

2018 yilda Gruziyada Tbilisi yaqinida joylashgan Lugar nomidagi laboratoriya bilan bog‘liq mojaro avj olgan. Gruziyaning sobiq davlat xavfsizligi vaziri Igor Giorgadze ushbu laboratoriyada odamlar ustida tajribalar o‘tkazilgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi hujjatlarni e'lon qilgan. Bu tajribalardan ba'zilari sinaluvchilarning o‘limi bilan yakunlangan. Giorgadze ma'lum qilganidek, gepatit S’ni davolash bo‘yicha tajribalar vaqtida kamida 70 kishi vafot etgan. Hujjatlarda bemorlar haqida ma'lumotlar keltirilmagan. Ta'kidlanishicha, laboratoriyada 2015 yil dekabrda o‘lgan 30 kishidan 24 nafari bir kunda vafot etgan. 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid