O‘zbekiston | 08:53 / 01.05.2019
5794
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasida aviaqatnovlar to‘g‘risidagi hukumatlararo bitim kuchga kirdi

Foto: KUN.UZ

2019 yilning 1 maydan O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Fransiya Respublikasi Hukumati o‘rtasida 2016 yil 20 iyul kuni Toshkent shahrida imzolangan Aviaqatnovlar to‘g‘risidagi bitim kuchga kirdi.

TIV xabariga ko‘ra, bitim ikki davlatning belgilangan aviatashkilotlari o‘rtasidagi xalqaro havo qatnovlarini rivojlantirish va ulardan foydalanish masalalarini tartibga soladi.

Hujjat qoidalariga ko‘ra, har bir tomonning belgilangan aviatashkilotlari ikkinchi davlat hududida kelishilgan punktlarda qo‘nishni amalga oshirish va ularning hududlaridan qo‘nmasdan uchib o‘tish uchun tegishli huquqlardan foydalanadi.

O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi havo qatnovlarini rivojlantirish maqsadida bitimda aviatashkilotlarga doimiy qatnovlarni amalga oshirishni ta'minlovchi va bojxona yig‘imlari, soliq va boshqa to‘lovlardan ozod etuvchi imtiyozlar o‘zarolik asosida taqdim qilish ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, bitimda aviatsiya sohasidagi xavfsizlik va ikki mamlakat aviatsiya tashkilotlari o‘rtasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan bahslarni hal etish me'yorlari hamda o‘zaro hamkorlik qilishning boshqa shartlari belgilab qo‘yilgan.

Mazkur bitim ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirishga ijobiy turtki beradi, ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada kengaytirish uchun yangi istiqbollarni ochadi va o‘zaro manfaatli aviatashuvlar bozorini shakllantirishga ko‘maklashadi, deyiladi xabarda.

Mavzuga oid