Deputatlar tijorat banklarini himoya qildi. Nega?
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida mamlakat iqtisodiyotida muhim o‘rin tutuvchi bir qator qonun loyihalari ko‘rib chiqildi.
Deputatlarning tortishuvi, konstruktiv bahs-munozaralarini keltirib chiqargan loyihalardan biri «O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonun loyihasi bo‘ldi, deb xabar qilmoqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi matbuot xizmati.
Mazkur hujjat pul-kredit siyosati va uning instrumentlarini tubdan takomillashtirish, narxlar barqarorligiga qaratilgan ta'sirini kuchaytirish, jumladan, amalga oshirilayotgan choralar asosida asossiz inflyatsion holatlarining oldini olishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Qonun loyihasining muhokamalarida deputatlar tomonidan bir qator savollar o‘rtaga tashlandi, jo‘yali fikr-mulohazalar bildirildi. Xususan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev ushbu qonun loyihasi O‘zLiDeP fraksiyasi yig‘ilishida ham bahs-munozaralarga sabab bo‘lganini ta'kidlar ekan, o‘zgarishlarga ko‘ra, Markaziy bankning xususiy tijorat banklaridagi vakili institutini joriy qilish masalasiga e'tiroz bildirdi. Deputat banklarda Markaziy bank vakilining bo‘lishi qonun orqali belgilab qo‘yilishi moliya muassasalari mustaqilligini ta'minlash yo‘lida to‘siq bo‘lib qolmaydimi, degan savolni o‘rtaga tashladi. “Ertaga sarmoyadorlarning ishonchini qozonish, odamlarning bo‘sh pul mablag‘larini banklarga jalb qilish masalalarida muammolar yuzaga kelmaydimi? — dedi R.Kusherboyev. — Chunki ayni paytda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida banklarning mustaqil bo‘lishiga, kredit siyosatini mustaqil yuritishiga va shu orqali sohalarga investorlarni jalb qilishga e'tibor qaratilayotgan bir paytda bunday “yangilik”ni joriy qilishdan avval jiddiy o‘ylab ko‘rish lozim”.
— Agarda bu normaning amaldagi qonunlarimizga muvofiqligini tahlil qiladigan bo‘lsak, bu “Tadbirkorlik faoliyatining erkinligi to‘g‘risida”gi qonunga qanchalik mos? — dedi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Bekzod Ortiqov. — Holbuki, mazkur qonunda davlat organlari tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatiga aralashmaydi, degan kafolat belgilagan. Qolaversa, vakilga qo‘yilgan vazifalarga ko‘z yugurtirsak, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari rivojlangan bir paytda vakilning muayyan bankda o‘tirishi qanchalik to‘g‘ri? Biz yaqinda “Davlat xususiy sheriklik to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ko‘rib chiqish jarayonida shu kabi normaga duch keldik. Bu borada xalqaro tajribani o‘rgandik, amaldagi qonun hujjatlarini tahlil qildik va undan voz kechgan edik...
O‘z navbatida, majlisda qatnashgan Markaziy bank raisining birinchi o‘rinbosari Temur Ishmetov ham deputatlar savollariga javob qaytarish asnosida o‘z mulohazalarini bildirdi.
— Haqiqatda ham bu savol va e'tirozlar siyosiy partiyalarning parlament quyi palatasidagi fraksiyalari yig‘ilishlarida ham berilgan edi, — deydi Markaziy bank raisining birinchi o‘rinbosari Temur Ishmetov. — Albatta, deputatlarning har bir savol va e'tirozi o‘rinli. Bevosita savolga to‘xtalsak, Markaziy bankning tijorat banklaridagi vakili institutini joriy etish masalasi 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi doirasida amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Bu yerda Markaziy bankning, ya'ni monitar siyosat sohasida yetarli darajada mustaqilligini, ikkinchidan, moliyaviy barqarorlikni ta'minlash maqsadida uning regulyator funksiyasini kuchaytirishdan iborat. Qolaversa, mamlakatimizning xalqaro tashkilotlar tomonidan beriladigan suveren reyting ko‘rsatkichlarini yanada oshirish uchun eng asosiy qiladigan ishlarimizdan biri moliyaviy barqarorlikni saqlashga asos bo‘luvchi kuchli moliyaviy regulyatorni ta'minlashimiz lozim. Xalqaro hamjamiyatning talabi ham ana shu.
Masalaning boshqa muhim jihati ham bor: tijorat banklarini boshqa turdagi tadbirkorlik sub'yektlari bilan solishtirib bo‘lmaydi. Masalan, har qanday yirik tadbirkorlik sub'yekti, deylik, qaysidir sabablarga ko‘ra, bankrotlikka uchrashini yoki o‘rtaholdagi bankning bankrotligi bilan ularning oqibatlarini solishtirib bo‘lmaydi. Sababi, o‘rtahol bank mablag‘ining aksariyati omonatchilarga yoki boshqa tashkilotlarga tegishli. Yana bir jihat, har qanday mijozning moliya muassasasiga ishonchini bank ortida davlat turadi, ya'ni nazorat mavjud, har qanday holat tartibga solinadi, degan tushuncha ta'minlab turadi. Moliya muassasasi bankrotlikka uchrasa, bu nafaqat omonatchilarning mablag‘larini yo‘qotishi balki, butun bank tizimiga bo‘lgan ishonchning yo‘qolishiga olib keladi. Mazkur holatning iqtisodiyotga qanchalik salbiy ta'sir ko‘rsatishi esa, barchaga ayon.
Yana bir masalaga e'tibor qaratish lozim. Islohotlar jarayonida iqtisodiyot qanchalik erkinlashsa, o‘z-o‘zidan bank tizimi, umuman, moliya sohasida xatarlar ortib boradi. Bunday holatlarning oldini olish maqsadida har qanday moliyaviy regulyator o‘z faoliyatini tubdan qayta ko‘rib chiqishi kerak. Shularni inobatga olib, bank tizimining nazorat mexanizmini qayta ko‘rib chiqqanda Bazel qo‘mitasining bank nazoratining asosiy tamoyillari haqidagi hujjati asosida jahondagi barcha markaziy banklar mana shunday nazorat mexanizmini yuritishadi.
Endi bevosita savolga qaytadigan bo‘lsak, Markaziy bank vakili moliya muassasasida har kuni, doimiy ravishda ishlaydi, degani emas. Faqatgina Markaziy bankda muayyan bankning xatti-harakati xavfli tus olganida, u Markaziy bank tomonidan o‘rnatilgan normativlarga rioya qilmayotgani aniqlansagina, vakil o‘sha bankning faoliyatini o‘rganadi. Vakilning tijorat banki xo‘jalik faoliyatiga aralashish bilan bog‘liq hech qanday vakolati bo‘lmaydi.
Markaziy bank mutasaddisining javobi va tushuntirishi deputatlarda yangi savollarni tug‘dirdi.
— Fikringizni eshitdik, siz o‘zingizning nuqtai nazaringizni bildirmoqdasiz, — dedi deputat Rasul Kusherboyev Markaziy bank mutasaddisiga. — Ammo birorta misol yoki dalil keltirmadingiz. To‘g‘ri, bankning orqasida davlat turadi, degan qarashni ilgari suryapsiz. Haqiqatdan ham shunday bo‘lishi kerak. Ammo o‘tgan asrning 90-yillarida bankka omonat qo‘ygan odamlar ham bankka ishongan. Uning oqibatlarini ham bilamiz. O‘sha paytda ham Markaziy bank bo‘lgan...
Keyingi yillarda banklarga xususiy kapitalni jalb qilishga katta e'tibor qaratilmoqda. Ma'lumki, xalqaro tajribada davlat ishtiroki juda yuqori bo‘lgan bank tizimiga investorlar o‘z mablag‘ini yo‘naltirishni istamaydi. Ular mustaqil bo‘lgan banklarga pul qo‘yishga harakat qiladi va bu isbot talab etilmaydigan haqiqat.
Shu bois ham, menimcha, qonun loyihasida nazarda tutilayotgan vakil masalasida faqat bir mamlakatning tajribasiga tayanib ish ko‘rib bo‘lmaydi. Bank sohasi rivojlangan davlatlar amaliyotini ham chuqur tahlil qilish kerak. Aytilganidek, vakilning vakolatlari chegaralangan ekan, u holda, bu institut nima uchun kerak?
— Men deputatlarimizning fikrlariga qo‘shilgan holda aytmoqchimanki, ushbu qonunning normalari sinchkovlik bilan o‘ylangan bo‘lishi kerak, — deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi raisi Ilhom Abdullayev. — Xususan, loyihada jamoatchilik nazorati masalasiga jiddiy e'tibor qaratish lozim. Holbuki, mazkur qonun loyihasida Markaziy bankning faoliyati ochiqligini ta'minlashga xizmat qiluvchi birorta ham norma yo‘q. To‘g‘ri, “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi qonun bor, lekin Markaziy bank davlat hokimiyati va boshqaruvi organi hisoblanmaydi. Menimcha, bu xalqaro tajribaga ham to‘g‘ri kelsa-da, qonun loyihasida ochiqlikni ta'minlashga xizmat qiladigan alohida bo‘lim bo‘lishi va shunga asosan Markaziy bank faoliyatiga doir ochiq ma'lumotlar uning rasmiy veb-saytida majburiy tartibda e'lon qilinish lozim. Ya'ni, Markaziy bank mablag‘larni qayerdan olyapti, qayerga sarflayapti, faoliyatiga doir brifing, matbuot anjumanlari, konferensiyalar va shu kabi tadbirlarni qanday o‘tkazyapti, degan savollarga javob bo‘lishi kerak. Shu nuqtai nazardan, qonunga jamiyatga ochiqlik tamoyillari asosida mazkur jarayonlarni nazorat qilishga imkon beruvchi mexanizmlarni kiritishimiz maqsadga muvofiq.
— Deputatlarning ushbu fikr-mulohazalarini tinglab, tahlil qilib, qonun loyihasining juda keng tushunchalarni qamrab olgani, ularni aniqlashtirishimiz lozimligi anglashilyapti, — dedi Markaziy bank raisining birinchi o‘rinbosari Temur Ishmetov. — Albatta, endi parlament vakillari tomonidan ko‘tarilgan bu savollar bo‘yicha qonun loyihasini yana bir bor chuqur tahlil qilamiz, navbatdagi o‘qishga tayyorlash jarayonida deputatlar bilan birga ishlaymiz va uni maromiga yetkazamiz.
«O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda konseptual jihatdan qabul qilindi. Mas'ul qo‘mitaga loyihani ikkinchi o‘qishga tayyorlashda masalaga jiddiy yondashish, qonun tashabbuskorlari, deputatlar, ekspertlar bilan birga ishlash, tijorat banklari vakillarining ham bu boradagi fikr-mulohazalarini tinglab, har tomonlama pishiq-puxta holiga keltirish vazifasi yuklatildi.
Mavzuga oid
19:08 / 25.10.2024
Saylovda 1 milliondan ortiq fuqaro muddatidan oldin ovoz berdi
13:58 / 25.10.2024
«Poytaxtbank» BAA kompaniyasi ixtiyoriga o‘tdi
21:13 / 21.10.2024
Rossiyada bankning sobiq rahbari o‘ziga 3 mlrd rubl kredit ajratib, Monakoga qochib ketdi
11:30 / 17.10.2024