Jamiyat | 17:12 / 04.05.2019
100552
15 daqiqa o‘qiladi

«O‘z vaqtida imzo chekolmaydigan aravakash ham yurtga rahbarlik qilgandi» - O‘zbekiston xalq shoiri Jamol Kamol bilan suhbat

Kun.uz sayti jamiyat, adabiyot, xususan, o‘zbek adabiyoti masalalariga bag‘ishlangan turkum suhbatlar loyihasini davom ettiradi. Loyihamizning navbatdagi mehmoni O‘zbekiston xalq shoiri, tarjimon va adabiyotshunos olim Jamol Kamol bo‘ldi.

Jamol Kamol bilan suhbatimiz she'riyat va tarjimonlikdagi faoliyati, turli mavzularda yozilgan dolzarb maqolalari, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasiga rahbarlik yillaridagi faoliyati, shuningdek, o‘zbek tili muammolari xususida kechdi.

Video: Youtube

Video: mover.uz (Tas-IX)

Domla, nasib bo‘lsa, qutlug‘ 81 yosh ostonasida turibsiz. Bu yoshga kirgan har bir insonda hayotdan olingan ma'lum xulosalar bo‘ladi. Tabiiyki, sizda ham bu borada ko‘pgina xulosalar bo‘lishi tayin.

Shu ma'noda, keling, suhbatimizni umr mazmuni mavzusidan boshlasak. Xo‘sh, inson aslida nima uchun tug‘iladi va nima uchun yashaydi?

- Rahmat, Ilyosjon. Suhbat haqida gapirdingiz, xo‘ja Bahouddin aytganlarki, bizning yo‘limiz suhbat yo‘li.

Suhbatda xayr-u hikmat ko‘p. Savolingizga javob beramanki, inson bu olamga ikki dunyo saodatiga erishish uchun keladi. U dunyoni deb bu dunyodan kechmaysiz, bu dunyoni deb u dunyodan kechmaysiz.

Yaxshi, asl inson u dunyoning ham, bu dunyoning ham rohatini ko‘radi.

Bizda necha yillar davomida milliy mafkura ishlandi. Unda mana shu gaplar bormi-yo‘qmi, men bilmayman. Lekin milliy mafkuraning qaymog‘i ana shu fikr bo‘lishiga ishonaman.

Xo‘sh, ikki dunyo saodatiga erishishning sharti nimada? Inson qanday qilib ikki dunyo saodatiga erishadi?

Ikki narsa bilan. Yurt obodligi va ko‘ngil obodligi. Yurt obod bo‘lishi kerak va ko‘ngil ham obod bo‘lishi kerak.

Yurt obodligi hammaga tushunarli. Ko‘ngil qanday obod bo‘ladi? Ko‘ngil obodligi uchun ham ikki narsa bo‘lishi kerak. Birinchidan, mustahkam e'tiqod, imon bo‘lishi kerak. Ikkinchidan, shu mustahkam e'tiqoddan kelib chiqadigan ustuvor umid bo‘lishi kerak.

Bu dunyoda insonni bugungi kundan ertaga, ertangi kundan keyingi kunga umid yetaklaydi.

Insonda umid ustuvor bo‘lishi uchun yurakda e'tiqod, hayotda esa adolat ustuvor bo‘lishi kerak.

Umidi ustuvor bo‘lgan odam bu dunyodan yuz burib ketolmaydi. Xudo bergan umrni insonlik sha'niga mos-muvofiq yashab o‘tadi.

Biz hozir eshityapmiz, matbuotda ko‘p yoritilyaptiki, yosh-yosh yigit-qizlar o‘rtasida o‘z joniga qasd qilish holatlari bor. Nima uchun? Chunki, inson umidsiz va ertangi kunga ishonchsiz bo‘lganda ana shu yo‘lga boradi.

Ruslarda maqol bor: “Nadejda umirayet posledney”. Demak, umid so‘ndimi, insonning ham umri tugaydi.

Jamol Kamol - nafaqat atoqli shoir, balki o‘zbek o‘quvchilariga jahonning ko‘plab durdona asarlarini ulashgan, hurmatga sazovor tarjimon ham. Domla, tarjimonlik olamiga kirib kelishingiz va bu olamga shunchalik chuqur sho‘ng‘ishingizning sababi nima? Bilishimcha, sizning tarjima borasidagi ijodiy faoliyatingiz 5 ta yirik yo‘nalish, 5 ta katta qismga bo‘linadi.

 

- XVII asrda Fransiyada Nikolo Bualo ismli shoir va olim inson yashagan. U “She'riy san'at” nomli asar yozadi. Bu asar uzoq vaqt Yevropa universitetlarida adabiyot nazariyasi sifatida o‘qitilgan. Unda adabiyotdagi she'r, doston, roman, qo‘yingki, barcha janrlarga ham ta'rif beriladi. Bu asarni hatto Pushkin ham o‘qigan.

1972 yilda Fanlar Akademiyasining til va adabiyot institutining adabiyot nazariyasi bo‘limida katta ilmiy xodim bo‘lib ishlardim. Bu bo‘limda o‘sha paytda akademik Izzat Sulton mudirlik qilardi.

Kunlardan bir kuni mana shu institutda ishlovchi olim Matyoqub Qo‘shjonov menga bir she'riy parchani tarjima qilib kelishni topshirdi. Qarasam, Bualoning o‘sha asaridan taxminan o‘n besh qatorli parcha.

Qo‘limga qalamni oldim-da, o‘sha joyning o‘zida tarjima qilib berdim. Domla esa shunchalik tez qilingan tarjimadan hayron qoldi. Va aytdiki, yaxshi tarjima chiqibdi, shu kitobni o‘zini ham tarjima qilmaysizmi?

Tarjimadagi ilk faoliyatim mana shundan boshlanib ketdi.

Biroz vaqt o‘tib kitob tarjima qilindi. Matyoqub Qo‘shjonovning vaqti bo‘lmagani uchun unga Naim Karimov so‘zboshi yozdi. Kitob o‘quvchilar tomonidan juda yaxshi kutib olindi.

Tarjimadagi keyingi ishim Sharq adabiyotidan to‘qqizta buyuk shoirning tanlangan ruboiylaridan iborat “333 ruboiy” nomli kitob bo‘lgan.

Albatta, mengacha ham ruboiylar tarjima qilingan, lekin ruboiy vaznida emas, hammasi barmoq vaznida va to‘rtlik qilib tarjima qilingan.

Men esa o‘zining vazni va o‘z bahri bilan tarjima qildim.

Fanlar Akademiyasida ishlardim. Kunlarning birida afg‘onistonlik (asli o‘zbek) adabiyotshunos Abduvohid Juzjoniy O‘zbekistonga keldi. Menga Juzjoniyni kutib olish va O‘zbekistonda aylantirish ishi topshirildi.

Shunday qilib, Juzjoniyga Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xiva kabi shaharlar sayohatida hamrohlik qildim.

Adabiyotshunos sayohat davomida Jaloliddin Rumiyning “Masnaviyi ma'naviy” asaridan dastlabki o‘n baytini menga aytdi. Men esa uni qog‘ozga ko‘chirib, tezda yodlab oldim. Bir necha kun shu baytlarni o‘qib maza qilib yurdim.

O‘sha paytlarda bizda Jaloliddin Rumiy haqida deyarli tasavvur yo‘q edi. Sababi, Rumiyga nisbatan “mistik shoir” degan qarash bor edi. “Mistik shoir” bu - odamlarni Xudoga ishonishga undaydigan ijodkor. Bu esa o‘sha paytda bizda hukm surgan ateizm g‘oyalariga butunlay yot edi.

Biz Rumiy haqida faqat Navoiy tomonidan juda yuksak pardada aytilgan “Haqiqat dengizi” yoki shunga o‘xshash ta'rif-u tavsiflarnigina bilardik.

Men Rumiyning ana shu baytidan sarmast bo‘lib yurgan kunlardan birida bozorda Radiy Fishning “Jaloliddin Rumiy” asarini ko‘rib qoldim.

Kitobni sotib olib, uch kunda o‘qib chiqdim. Mutolaadan keyin ko‘z o‘ngimda katta bir olam paydo bo‘ldi. O‘yladimki, asarni tezda tarjima qilish kerak.

Kitobni olib o‘sha paytning mashhur tarjimonlaridan biri To‘xtasin Jalolovning oldiga bordim. Ma'lumot uchun aytaman, To‘xtasin Jalolov Rabindranat Tagor asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan tarjimon.

To‘xtasin akaga aytdim, domla shu asarni tarjima qiling. U kishi kitobni varaqlab ko‘rib “Jamoljon she'riy parchalari ko‘p ekan, menga og‘irlik qiladi”, dedi.

To‘xtasin akaga she'riy parchalarini men tarjima qilishimni aytdim. U kishi rozi bo‘lib, kitobni olib qoldi.

Lekin bir oy, ikki oy, uch oy kutdim hamki, u kishi asarni tarjima qilmadi.

Shundan keyin kitob do‘koniga borib, “Jaloliddin Rumiy” asarini qayta sotib oldim va tarjimaga o‘zim kirishdim.

Men tarjima qilaman, yangangiz mashinkalaydi. Er- xotin ishlab, uch oyda kitobni tayyor qildik.

Tarjimani bosishga tayyor holda nashriyotga olib bordim. O‘sha paytda Odil Yoqubov nashriyotda proza bo‘yicha rahbar o‘rinbosari edi. Odil aka asarni ora-orasidan varaqlab o‘qib ko‘rdi. Jamol, bu yaxshi kitobga o‘xshaydi, dedi. Shu bilan asar rejaga kiritildi va 1986 yilda 45 ming nusxada bosilib chiqdi.

Yaxshi eslayman, asar bosilib chiqqach, juda katta shov-shuv bo‘ldi va o‘ninchi kuniyoq sotilib ketdi.

Keyinchalik Rumiyning “Masnaviyi ma'naviy”sini ham tarjima qilishga muvaffaq bo‘ldim.

Rumiyning tarjimasi orqali juda ko‘p yaxshi gaplar eshitganman.

Agar gapim juda cho‘zilib ketmasa, bir qiziq voqeani sizga aytib bersam. Anqarada o‘tgan Rumiyshunoslar kongressidan bir voqea esimda qolgan. Ya'ni Rumiy turli davlat olimlari o‘rtasida talash bo‘lgan.

Boshida eronlik bir professor chiqib “Masnaviyi ma'naviy” fors tilida yozilgan, demak Rumiy bizning shoirimiz, degan gapni aytdi. Uning ortidan Istanbul universitetining professori minbarga chiqib aytganki, mavlono bu tuproqqa kelganda o‘n ikki yashar bola edi. U Jaloliddin Rumiy bo‘lib mana shu tuproqda ko‘tarildi. Xo‘sh, Rumiy kimniki? Albatta, bizning shoir-da.

Keyin so‘zga Rim universiteti professori Anna Masala chiqqan. U aytganki, o‘rtoqlar “Rumiy” degani nima degani? “Rum” degani. Demak, Rumiy rimlik. Qolaversa, uning asarlari italyan tiliga ham tarjima qilingan bo‘lsa.

Uning ortidan Qohira universitetining arab professori chiqqan va u ham Rumiyni talash qilgan.

Xullas, o‘sha kongressda barcha olimlar kelishdikki, Jaloliddin Rumiy bir qavm va bir millat doirasiga sig‘maydi. U insoniyat, bashariyat shoiri.

“Masnaviyi ma'naviy” esa dunyoning kitobi.

- Domla “Asr bilan vidolashuv” nomli saylanmangizda o‘tgan XX asarning eng yirik voqeliklarini yodga olib, ularni o‘z qarashlaringizga ko‘ra ifoda qilgansiz.

Ayting-chi, agar XX asr dunyo adabiyotimizdagi muhim voqeliklarni ham bir she'rda ifoda etish lozim bo‘lsa bu to‘plamdan, sizningcha, qanday adabiy hodisalar o‘rin olgan bo‘lardi?

- Xursand bo‘ladigan jihati she'rda aytilganidek, XX asr bizga mustaqillik berdi. Bundan katta quvonch, bundan katta g‘alaba yo‘q.

Ammo bu asrda millatimiz juda ko‘p qayg‘ularni ham ko‘rdiki, bularni esdan chiqarib bo‘lmaydi. Agar e'tibor bersak, bu asrning har o‘n yilligida boshimizga qatag‘on keldi. Achinarlisi, bu qatag‘onlarda millatimizning eng ziyoli kishilari qirg‘in qilindi. Chunki millat o‘zining intelligensiyasi, ziyolisi bilan kuchli. Ziyolilari qirib tashlangan millat esa ojizlashib qoladi.

Birgina misol, 1937-1938 yillarda Fayzulla Xo‘jayev, Akmal Ikromov kabi millatimizning jonkuyar, ziyoli rahbarlari amaldan chetlatilib, o‘rniga mutlaqo besavod bo‘lgan Yo‘ldosh Oxunboboyevni Oliy Sovet rahbarligiga olib kelishdi. O‘sha paytda Oliy Sovet raisi degani Prezident maqomida edi.

O‘sha paytda shoir Mirtemir Yo‘ldosh Oxunboboyevga kotib bo‘lgan. Bir safar shoir o‘z xotiralari bilan o‘rtoqlashganda aytgandiki, Yo‘ldosh Oxunboboyev hattoki imzo chekishni ham bilmagan. Imzo qo‘yish uchun barmog‘ini siyohga botirib, qog‘ozga o‘sha barmog‘ini tekkizib qo‘ygan.

Keyinchalik muhr yasatib berishgan Oxunboboyev esa shu muhrni bo‘yniga ip bilan bog‘lab yurgan.

Oxunboboyev asli aravakash bo‘lgan. Xo‘sh, shunday inson davlatni qanday boshqaradi? Bu millatni ustidan kulish, haqorat qilish-ku.

Tasavvur qiling, Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon, Fayzulla Xo‘jayev, Akmal Ikromov yoki boshqa ziyolilarimiz qirg‘in qilinmaganida, qanday muhit paydo bo‘lardi.

Afsuski, o‘tgan asr ana shunday qayg‘ulari bilan ham xotiramizda qoladi.

Shu o‘rinda bir narsani aytishni istardim, millatni uchta suyanchi bo‘ladi. Birinchi suyanchi- bu uning oyog‘i ostidagi yeri. Ikkinchi suyanchi- bu uning tili va adabiyoti. Uchinchi suyanchi- din-u diyonati.

Dushman hamisha millatning shu uchta suyanchiga hujum qiladi. O‘ylab ko‘ring, o‘sha vaqtda bizning yerimizni olishdi, din-u diyonatimizga qizil chiziq tortishdi. Xo‘sh, nimaga suyanib qoldik? – Til va adabiyotga. Hatto, tilimizga hujumlar bo‘ldi. Aytishdiki, o‘zbek tili - keraksiz til. Bu til o‘ladi va dunyoda faqat ingliz va rus tili qoladi.

O‘sha paytda Rasul Hamzatov bir she'r yozgandi. Agar mening avar tilim ertaga o‘ladigan bo‘lsa, men bugun o‘layin, dedi.

Jamol Kamol suhbat davomida shuningdek, Qur'oni Karimni adabiy nazmiy yo‘nalishda o‘zbek tiliga tarjima qilgani, ammo o‘zbek diniy ulamolari uning nashriga qarshi bo‘lishayotgani, 2010 yilda Qirg‘izistonning ikki viloyatida ro‘y bergan xunrezliklar, XX asr o‘zbek adabiyotidagi eng yirik voqeliklar, imzo chekishni ham bilmaydigan aravakashning O‘zbekiston hukumati tepasiga kelishi, jamiyatda tomir otgan fikrsizlik illati, o‘zbek tili va uni obro‘sizlantirayotgan sabablar haqida fikr bildirdi.

Suhbatni to‘liq shaklda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Mavzuga oid