Jamiyat | 20:33 / 13.05.2019
25589
11 daqiqa o‘qiladi

«Hokim yerimni aldov va zo‘rlik bilan tortib oldi». Jalaquduqlik fermerning so‘zlari asoslimi?

Joriy yilning 9 yanvarida Vazirlar Mahkamasining 14-sonli qarori qabul qilingandi. Bu qarorda «maqbullashtirish» atamasi bilan izohlanuvchi jarayon boshlandi – kichik va rejalarni bajara olmagan fermerliklarning yer maydonlari ishchi guruhlarning xulosalari asosida hokimlik zaxirasiga qaytarila boshlandi.

Qarorga ko‘ra, paxtachilik va g‘allachilik yo‘nalishidagi qishloq xo‘jaligi korxonalari yer uchastkalari maydonlarining eng kam o‘lchami 100 gektar etib belgilangan. Maqbullashtirish jarayonida tuman hokimliklari zaxirasiga qaytarilgan yer uchastkalari, birinchi navbatda to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya kiritadigan, moliyaviy holati yaxshi va qishloq xo‘jaligi texnikalariga ega ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklari, paxta-to‘qimachilik klasterlari, eksport qiluvchi va qayta ishlovchi korxonalarga berilishi, bir gektar yer maydoni uchun paxta-g‘allachilik loyihasiga 2 ming AQSh dollari ekvivalenti miqdorida hamda sabzavot-g‘allachilik, bog‘dorchilik-uzumchilik, sabzavot-polizchilik loyihalariga 5 ming AQSh dollari ekvivalenti miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya kiritadigan talabgorlarga va klaster korxonalariga tuman sektor rahbarining tavsiyasiga ko‘ra tanlov o‘tkazmasdan tuman hokimining qaroriga asosan yer uchastkalari ajratilishi ko‘rsatilgan.

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

Xo‘sh, ushbu jarayon barcha joyda bir xilda va to‘g‘ri amalga oshirilyaptimi? Jalaquduqlik fermer Asilbek Jarmatovning murojaati aynan shu masalada bo‘ldi.

«2019 yilning 8 fevral kuni hokimlik yolg‘on ma'lumot bilan bu joylar klasterga o‘tadi deb bizga ariza yozdirib oldi. Xohlaysanmi, xohlamaysanmi shu deyishgan. Guvohlarim ham bor. Tuman zaxirasiga o‘tsin deyishdi. Avvaliga yozmaymiz dedik. Keyin majburan ariza yozdirib olindi. Yerlaringiz klasterga o‘tyapti, deyishgandi. Bu joyda kuzgi bug‘doy ekkandim. Bir tonna bug‘doy olib kelib yaxshiroq hosil bo‘lsin deb uni ham yerga sochgandim. Bir gektarga 90 sentner hosil olgan fermerlarning yerlari o‘zida qoladi, undan kami esa klasterga o‘tadi deyishgan. Men doim rejani bajarib kelganman. Faqat o‘tgan yil 80 foizdan ko‘proq bo‘ldi. Buning sababi esa, o‘g‘itlar vaqtida yetkazilmadi.

Yolg‘on ma'lumot berib menga ariza yozdirib olishgandan so‘ng, yer klasterga o‘tish o‘rniga boshqa fermerga berib yuborildi. Chunki, yashirincha tender o‘tkazishdi. Keyin prokuraturaga ariza qildim. Viloyat prokuraturasiga ham bordim. Ular tuman prokurorlariga aytishdi. Lekin natija bo‘lmadi. Viloyat hokimi Shuhrat Qo‘shaqboyevich bilan uchrashdim. Statistik ma'lumotlarimni ko‘rgach, viloyat hokimi yerim qaytarib berilishi kerakligini aytdi. Tuman hokimi esa baribir bilganidan qolmadi. Qaytib borib, viloyat hokimiga aytmoqchi bo‘ldim. Germaniyaga ketgan ekan. Bo‘lib o‘tgan ishlardan bexabar qoldi. Agar qonuniy yerimni qaytarib berishsa viloyat hokimining, Prezidentimizning yuzini yerga qaratmayman», deydi fermer.

«Yoz bo‘yi mehnat qilgan fermerlar o‘sha vaqtlarda hokimning eshigiga yotib olishdi. Yosh fermerlar hammasini o‘zimiz qilamiz deyishdi. Lekin, hokim hech imkoniyat bermayapti. Ko‘pchilik fermerlarning yerlarini qaytarib berishdi. Biroq, bizning yerimiz qaytarilmadi», deydi fermerning ayoli.

Ular bo‘lib o‘tgan ishlarni boshqa bir sobiq fermer ham tasdiqlashini aytishdi. Biz guvoh bilan ham suhbatlashdik.

«2019 yilning 8 fevral kuni yerlaring klasterga o‘tadi deb, yerlar tuman zaxirasiga o‘tishiga ruxsat berishimiz aytilgan arizani yozdirishdi. Klasterga o‘tish o‘rniga boshqa bir fermerga berib yuborildi», deydi Alisher Imoydinov.

Sobiq fermerlarning so‘zlariga ko‘ra, ishlar noto‘g‘ri amalga oshirilgan.

Hukumat qarorida har bir holat alohida keltirib o‘tilgan. Nahotki, joylarda mahalliy davlat hokimiyati organlari bu masalada nohaqlik qilishmoqda?

Shunday gumonlar bilan tuman hokimiyati tomon yo‘lga tushdik. Tuman hokimi, senator Sodiqjon Turdiyev va uning mutaxassislari bizga tasdiqlangan ma'lumotlarini ko‘rsatib, fermerning barcha shikoyatlari noo‘rinligini isbotlab bersa kerak, degan o‘yda edik. Biroq, hokimiyatga borganimizda, hokimlik binosiga «biroz avval kirib ketgani» aytilgan hokim izsiz g‘oyib bo‘ldi. Ma'lum vaqt kutganimizdan keyin bizga hokim yo‘qligini aytishdi. Shu sababli, Jalaquduq tumani hokimiyati qishloq xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i Bahromjon Musayevga uchrashish bilan kifoyalandik.

«Bu fermerni yaxshi taniyman. Yeri Vazirlar Mahkamasining 14-sonli qarori asosida maqbullashtirishga tushgan. Shu qarordan kelib chiqib tumanimizda ishchi guruh tashkil qilganmiz. Ishchi guruh 26 kishidan iborat bo‘lib, tuman hokimi rahbarlik qilgan. Tumanda 312ta paxta-g‘alla bilan shug‘ullanuvchi fermerlik bo‘lgan. Maqbullashtirishdan keyin 242ta qoldi. Yer maydonlari hech kimdan qasddan, yomon niyatlarda olib qo‘yilgani yo‘q. Men agrotexnikaga javob beraman. Qayta-qayta ishchi guruhlar tuzilgan. Tez-tez fermerlar bilan uchrashib tushuntirish ishlari olib borganmiz. Yoz oylarida ham ogohlantirishlar bo‘lgan. Asosiy sababi, paxta rejalarini bajarmagani uchun. Bu yigitning yeri yaxshi joy. U yerda 84 foiz bo‘lishi mumkin emas», deydi mutasaddi.

Ochig‘i, bu javoblar bizni qoniqtirmadi. O‘z xohishi bilan jonini berib ishlayotgan, ustiga-ustak ancha-muncha xarajat ham qilgan fermer shundayligicha yerni topshirib qo‘yishi kerakmi? Doim rejani bajarib kelganini aytgan fermerdan bu bo‘yicha munosabatini so‘radik.

U mas'ul shaxs oldida e'tirozlarini bildirdi: «Bu ishlar noqonuniy bo‘lgan, kimlardan yerlari olingan bo‘lsa qaytarib berilgan. Mening yerim esa qaytarilmadi. Chunki, «sening yering zo‘r yer ekan. Sening yeringga xaridor ko‘p» deb aytgansiz».

Fermer masala yuzasidan Jalaquduq tuman adliya bo‘limiga murojaat qilganini va bo‘limda ish o‘rganilayotganini aytib qoldi. Shundan keyin tuman adliya bo‘limiga bordik. Bo‘lim boshlig‘i ish bo‘yicha tafsilotlarni ma'lum qildi.

«Haqiqatdan, 2019 yil 14 fevralda fuqaro Jarmatov Asilbek adliya bo‘limiga murojaat qilib kelgan. U «Qalambeylik paxtakor» fermer xo‘jaligining yerlari tuman hokimligi zaxirasiga olinishidan noroziligini bildirgan. Joylarga chiqib o‘rganishlar o‘tkazganimizdan so‘ng ma'lum bo‘ldiki, fermer shu yili 8 fevralda hokimiyatning qishloq xo‘jaligi bo‘limiga chaqirtirilgan. Klasterlar tashkil etilayotgani sababli yerlarini o‘z ixtiyorlari bilan bo‘shatib berishi taklif qilingan va arizalari xohishlariga zid tarzda olingan. Yer esa tuman hokimining 2018 yil 29 dekabrda qarori bilan tuman zahirasiga olingan bo‘lib, qarorga asos sifatida Jarmatovning “2018 yil 20 dekabrdagi arizasi asos qilib olingan. Vaholanki fermerga yerni topshirish haqidagi arizani aksincha 2019 yil fevral oyida, ya'ni VMning 14-sonli qarori chiqqandan so‘ng, hokimlik qistovi bilan yozgan.Bundan tashqari, yana quyidagi qonun buzilishlari ham bo‘lgan:

Qarorda O‘zbekiston Respublikasi Yer kodeksining 5-moddasi qoidalari buzilgan, ya'ni viloyat komissiyasi roziligi olinmagan.

2016 yilning 10 fevraldagi Vazirlar Mahkamasining 34-sonli qarori talablaridan kelib chiqib, tuman deputatlari ruxsati olinmagan. Bu ham o‘ziga yarasha qonun buzilishi hisoblanadi.

Ushbu yer gazetada tenderga qo‘yilgan. Tender o‘tkazishda ham qonun buzilish holatlari mavjud. Gazetada ikkinchi loyihada yer maydoni qo‘yilgan. Lekin, tender tanlovi o‘tkaziladigan kun, yer konturi aniq ko‘rsatilmagan. Amaldagi qonun talablariga ko‘ra esa bular ko‘rsatilishi lozim edi.

Rejalar bajarilmagani bo‘yicha holat o‘rganilganda, g‘alla rejasini 100 foizdan ortiq bajargani aniqlangan. Fermer paxta rejasini ham doim yuqori darajada bajarib kelgan, biroq faqat o‘tgan yili 84 foizga bajargan. Vaziyatni o‘rganish maqsadida agronomlarni jalb qildik. Ma'lum bo‘ldiki, mineral o‘g‘itlar o‘z vaqtida yetkazib berilmagan. 2018 yil 7 avgustda, ikki oy kechikib yetkazilgan. Buning oqibatida fermer rejani bajara olmagan.

Adliya bo‘limi tomonidan tuman prokuroriga hokimning qarorini bekor qilish uchun protest kiritish bo‘yicha taklif berganmiz. Biroq bu taklifimizga javob olmaganimiz uchun ma'muriy sudga Jalaquduq tuman hokimining qarori haqiqiy emas, deb topish uchun ariza kiritdik. Bunday tartibda qonun buzilishlar ko‘p marotaba bo‘lib turadi. Biroq, adliya bo‘limida bunday vakolat bo‘lmagani sababli ta'sir chorasi qo‘llay olmayapmiz. Misol uchun, mahalliy o‘zini-o‘zi boshqarish organlari faoliyatida qonunbuzilish ishlari aniqlandi. Ular ko‘p martalab vazifasiga kirmaydigan ishlarga jalb qilingan. Bu masala bo‘yicha taqdimnomalar kiritildi. Lekin, hech qanday natija yo‘q», deydi adliya bo‘limi rahbari Begzod Shukurov.

Jalaquduqda shunday gaplar. Fermer mehnat qilsa, bor-budini sarflab yerga urug‘ qadasa-yu, hokim kayfiyatiga qarab yerni birovga berib yuboraveradimi? Xat-hujjatlar qilish o‘zining qo‘lida degani xohlagan qarorini hali topshirilmagan, egasi bor yerga ham chiqaraverish mumkin, deganimi? «O‘zagrokimyohimoya»ga mineral o‘g‘itlarni o‘z vaqtida yetkazib bermagani uchun javobgarlik nazarda tutilmaydimi? Bu tashkilot nahot shunchalar mas'uliyatsizlik bilan ishlasa?

Shu va shunday savollar boshimizda aylanayotgan paytda Germaniya kansleri Otto fon Bismarkning bir gapi yodimizga tushdi: «Yomon qonunlar chiqarilgan bo‘lsa ham, yaxshi amaldorlar bo‘lsa mamlakat to‘g‘ri boshqarilishi mumkin. Ammo, amaldor yomon bo‘lsa, mukammal qonunlar ham yordam berolmaydi».

Bahodir Ahmedov – muxbir

Muhammadjon G‘aniyev - tasvirchi

Mavzuga oid