Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
2026 yildan paxta-g‘alla, mevalar va dukkakli ekinlar hosilini ixtiyoriy sug‘urtalash tizimi yo‘lga qo‘yilishi mumkin
Prezident Shavkat Mirziyoyev 17 noyabr kuni paxtachilikda samaradorlikni ilg‘or tajriba va texnologiyalar asosida oshirish, qishloq xo‘jaligini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Qishloq xo‘jaligi mamlakat iqtisodiyotida muhim o‘rin egallaydi. Sohaning iqtisodiyotdagi ulushi 20 foizni tashkil etmoqda, unda yiliga 467 trillion so‘mlik mahsulot yaratilmoqda, 3,5 million kishi mehnat qilmoqda. Taqdimotda paxtachilikda hosildorlikni oshirish masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi.
Buning uchun past hosil olayotgan fermerlar bilan manzilli ishlash, ilg‘or agrotexnologiyalar va oziqlantirish amaliyotlarini to‘g‘ri joriy etish, agronom tayyorlash tizimini tubdan isloh qilish choralari belgilab olindi. Jumladan, paxtachilikda ustoz-shogird an’analarini yo‘lga qo‘yish orqali hosildorlikni 60 sentnerdan oshirgan ilg‘or fermerlarni 30 sentnerdan kam hosil olgan fermerlarga biriktirish taklif qilindi.

Ilg‘or fermerlar Qishloq xo‘jaligi malaka oshirish institutida qayta tayyorlanib, ularga sertifikat beriladi. Past hosil olgan fermerlarda hosildorlik kamida 50 sentnerdan oshsa, ularga biriktirilgan ilg‘or fermerlarga 5 million so‘mdan mukofot puli beriladi.
Agronomlarni tayyorlash tizimini takomillashtirish maqsadida Agrar universitet va sohada agronomlarni tayyorlaydigan boshqa oliygohlar bitiruvchilari uchun ikki yillik “dual ta’lim” mexanizmi joriy etiladi. Ilg‘or klaster va fermer xo‘jaliklarida amaliyot o‘tagan talabalarga stipendiya, ularni o‘qitgan mutaxassislarga esa rag‘bat puli to‘lanadi.
Taqdimotda mahalliy paxta navlarini yaratish ishlari ham alohida ko‘rib chiqildi. Paxtachilik bo‘yicha ikkita noyob ilmiy institut – Genomika markazi va Paxtachilik instituti borligi, lekin ularning imkoniyati to‘liq ishga solinmayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Navlarni seleksiya qilish asosida paxta urug‘chiligini yanada rivojlantirish maqsadida ushbu institutlarda fitotron va reproduksion issiqxona qurib berish topshirildi. Natijada yangi mahalliy nav yaratishga kerak bo‘lgan vaqt 2,5 barobar qisqaradi, olimlarning ishi tezlashib, import urug‘ga ehtiyoj qolmaydi.

G‘o‘zani plyonka ostiga ekish tajribasini ommalashtirish rejalari ko‘rib chiqildi.
Prezident sohada agrodronlardan foydalanishni kengaytirish, bu borada mutaxassislarni tayyorlash muhimligini ko‘rsatib o‘tdi.
Qishloq xo‘jaligiga sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalarni joriy etish masalasi ham kun tartibida bo‘ldi. Hozir Qishloq xo‘jaligi vazirligi va xorijiy kompaniyalar hamkorligida bu borada kadrlar tayyorlash va ilmiy infratuzilma yaratish bo‘yicha qilinayotgan ishlar to‘g‘risida ma’lumot berildi. Moliyaviy qo‘llab-quvvatlash masalalari ham muhokama qilindi.
2026 yildan paxta-g‘alla, mevalar va dukkakli ekinlar bo‘yicha hosilni ixtiyoriy sug‘urtalash tizimini yo‘lga qo‘yish, sug‘urta mukofotining 50 foizini budjetdan qoplab berish taklif qilindi.
Subsidiyalar tizimini soddalashtirish maqsadida hozirda turli idoralar tomonidan berilayotgan 75 turdagi subsidiyani yagona platforma orqali ajratib boradigan Agrar sohada to‘lov agentligini tashkil etish tashabbusi bildirildi. Bu fermerlar uchun ortiqcha ovoragarchilik va byurokratiyani keskin kamaytiradi.
Prezident takliflarni ma’qullab, mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.
Mavzuga oid
18:54 / 06.12.2025
BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti bilan hamkorlikda qator loyihalar amalga oshiriladi
08:56 / 06.12.2025
2026 yil yanvardan O‘zbekistonda aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish boshlanadi
22:02 / 03.12.2025
2026 yilda 4,5 million tonna paxta yetishtirish maqsad qilindi
10:06 / 27.11.2025