Jahon | 07:38 / 14.05.2019
9976
2 daqiqa o‘qiladi

Bayer saraton bilan kasallangan ikki kishiga 2 mlrd dollar to‘lab beradi

Foto: AFP

San-Fransisko sudi Bayer konserniga Roundup gerbitsidi bilan aloqadan keyin saraton kasaliga uchragani ta'kidlanayotgan 2 amerikalikka 2 mlrd dollardan ko‘proq kompensatsiya to‘lab berish majburiyatini qo‘ydi. 

Ma'lum qilinishicha, kompensatsiya Kaliforniya shtatida yashovchi Elva Pilliod va uning rafiqasi Albertaga to‘lanadi. Avval ular Roundup’ni ishlab chiqaruvchi Monsanto kompaniyasi ustidan sudga arz qilishgan. Ularning ta'kidlashicha, Roundup bilan aloqadan keyin ularda limfoma paydo bo‘lgan. Bayer esa Monsanto’ni 2018 yilda 63 mlrd dollarga sotib olgan. 

Hakamlar sudi Monsanto ham, Bayer ham Roundup odamlarda saraton keltirib chiqarishi mumkinligi haqida iste'molchilarni tegishlicha voqif qilmagani haqidagi xulosaga kelgan. 

AQShda Monsanto va Bayer’ga qarshi yuzlab shikoyatlar berilgan. Kompaniyalar glifosat nomi bilan ham ma'lum bo‘lgan Roundup gerbitsidining kanserogenligi haqidagi ma'lumotni atayin yashirganlikda ayblanmoqda. Biroq Bayer bu ayblovlarni rad etmoqda va ko‘p sonli tadqiqotlar glifosatning inson organizmi uchun xavfi yo‘qligini ko‘rsatganini ta'kidlamoqda.

2018 yil sentyabrda AQShning atrof-muhitni muhofaza qilish agentligi uzoq davom etgan tadqiqotlardan keyin qishloq xo‘jaligida qo‘llanuvchi glifosat saraton kasalliklarini keltirib chiqarmasligi haqidagi xulosaga kelgan. Shu bilan birga Saratonni o‘rganish bo‘yicha xalqaro agentlik ushbu gerbitsidni insonga kanserogen ta'sir qilishi mumkin bo‘lgan modda sifatida tasniflagan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid