O‘zbekiston | 09:27 / 20.05.2019
10610
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentga “Front orti qahramon shahri” unvonini berish taklif etildi

Foto: TASS

Toshkentda MGIMO bitiruvchilarining V xalqaro forumi ochilishida TASS axborot agentligi bosh direktorining birinchi o‘rinbosari Mixail Gusman Toshkentga “Front orti qahramon shahri” unvonini berishni taklif qildi.  

Uning ta'kidlashicha, Ikkinchi jahon urushi vaqtidagi evakuatsiyada milliondan ko‘proq odam Toshkentda jon saqlab qolgan. “Toshkentda 113 ta gospital bo‘lgan. Yuzlab askarlar Toshkentda davolangach yana safga qayta olganlar”, deb ta'kidlab o‘tdi Gusman.

“Bizda fashizm ustidan g‘alabada hissasi ulkan bo‘lgan qahramon shaharlar juda ko‘p. Kamida ikkita shaharni front orti qahramon shahri deb atash kerak, deb hisoblayman. Bu Toshkent – buyuk jasorati uchun hamda Boku – bu ikki shahar ham bunday unvonga munosibdir”, deb qo‘shimcha qilgan Gusman. 

O‘zbekistonda urush vaqtida yashagan 6,5 mln kishidan 1,5 mln nafari frontga jo‘natilgan. Ulardan 500 ming nafari qaytib kelmagan, 640 ming nafari yarador bo‘lgan. 

O‘zbek xalqi O‘zbekistonga evakuatsiya qilingan 1,5 mln kishini, jumladan qamaldagi Leningrad, Belarus, Polsha va Ukrainadan olib chiqilgan turli millatlarga mansub  300 mingga yaqin yetim bolani ocharchilik va o‘limdan asrab qolgan.

Urush vaqtlarida yurtimizga 100 dan ko‘proq korxona evakuatsiya qilingan. Sobiq ittifoqning deyarli butun harbiy sanoati O‘zbekistonda mujassamlashgan va front uchun  snaryadlar, samolyotlar, minomyotlar, zirhli poyezdlar, parashyutlar va boshqa ko‘plab zaruriy jihozlar ishlab chiqarilgan.

Mavzuga oid