Mahalliy korxonalar tomonidan 2500 nomdagi dori vositalari ishlab chiqarilmoqda
O‘zbekiston Milliy matbuot markazida Sog‘liqni saqlash vazirligi va Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tomonidan tashkil etilgan matbuot anjumanida qayd etilishicha, hozirda respublika farmatsevtika bozorida 4685ta savdo nomidagi xorijiy dori vositalari, 1812 savdo nomidagi MDH mamlakatlari ishlab chiqaruvchilari dori vositalari, 2500 savdo nomidagi mahalliy ishlab chiqaruvchilar dori vositalari, 530 nomdagi substansiyalar, 1696 savdo nomidagi tibbiy buyumlar hamda 1567 tibbiy texnika muomalada aylanmoqda.
«Shuningdek, yurtimizda o‘sadigan dorivor o‘simliklardan dori vositalari tayyorlashga ham katta ahamiyat berilyapti. Dorivor o‘simliklar plantatsiyalarini rivojlantirish maqsadida 11450 ga yer maydoniga dorivor o‘simliklar ekilgan, shu jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 8127 ga yer maydonida qizilmiya ildizi plantatsiyalari tashkil etilgan. Dorivor o‘simliklar xomashyosi va qayta ishlangan mahsulotlar qator davlatlarga eksport qilinmoqda. Jumladan, o‘tgan yilda respublika bo‘yicha 6300 tonna xomashyo va 5700 tonna qayta ishlangan tayyor yoki yarim tayyor mahsulotlar eksport qilingan.
Anjumanda Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tomonidan O‘zbekiston Davlat farmakopeyasi ishlab chiqish yuzasidan ham ish olib borilayotgani ham aytib o‘tildi. Ahamiyatli jihati, respublikada farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi 162ta korxonadan 51tasida (31 foiz) xalqaro va milliy standartlar joriy qilingan. Jumladan, 40ta korxonada ISO 9001 xalqaro standarti, 10ta korxonada O‘zbekiston davlat standarti va 1ta korxonada xalqaro «GMP – Yaxshi ishlab chiqarish amaliyoti» standarti joriy qilingan bo‘lib, muvofiqlik sertifikatlariga ega.
Farmatsevtika tarmog‘i korxonalarining asbob-uskunalarini modernizatsiya qilish va texnologik qayta jihozlashga ko‘maklashish, chet el investitsiyalarini, shu jumladan, xorijiy va xalqaro moliya institutlari mablag‘larini keng jalb qilishga alohida e'tibor qaratilgan. Dori vositalarining substansiyalari va tayyor dori vositalarini ishlab chiqarish bo‘yicha hozirda 5ta korxonada 13,2 mln. AQSh dollariga teng investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.
Mavzuga oid
11:40 / 16.10.2024
Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktoriga o‘rinbosar tayinlandi
20:04 / 14.10.2024
Chilonzorda salkam 44 ming dollarga qalbaki dori sotganlar ushlandi
23:02 / 10.10.2024
Britaniya kompaniyasi Zantac dorisi tufayli kiritilgan da’volarga 2,2 mlrd dollar to‘laydi
23:11 / 27.09.2024