Xavfsiz ichimlik suvi va sanitariya insonning asosiy huquqlari sifatida e'tirof etildi, zero ular sog‘lom turmush tarzini ta'minlash uchun zarur. Dunyo miqyosida 10 kishidan 3 nafari xavfsiz ichimlik suvidan foydalanish imkoniga ega emas. Himoyalanmagan manbalardan suv ichuvchi kishilarning deyarli yarmi Afrikada, Saxara janubida ishaydi. 10 kishidan 6 nafari sanitar xizmatlardan foydalana olmaydi. Biroq bu umumjahon ko‘rsatkichlar mintaqalar va mamlakatlar kesimida sezilarli farq qiladi.  Kun.uz muxbiri 21 may kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan BMTning 2019 yildagi suv resurslari holatiga doir butunjahon hisoboti taqdimotiga asoslanib, shu haqida xabar berdi.

Suv resurslari tanqisligi

"Dunyoda suv resurslari bilan bog‘liq vaziyat yanada og‘irlashmoqda. Demografik o‘sish va aholi mobilligi, shuningdek iqlim o‘zgarishi oqibatida yangi ehtiyojlarning paydo bo‘lishi natijasida yuzaga kelgan suv iste'molining oshishi suv resurslari tanqisligining yanada sezilarli namoyon bo‘lishiga olib keladi", - dedi Toshkent irrigatsiya muhandisligi va qishloq xo‘jaligi mexnizatsiyasi instituti rektori, professor O‘ktam Umurzoqov.

Foto: tiiame.uz

Rasmiy statistikaga ko‘ra, dunyoda 2,4 mlrd kishi suv resurslari bilan bog‘liq zarur santariya xizmatlariga ega emas. 1 mlrd.dan ortiq kishi xavfsiz suvdan foydalanish imkoniga ega emas va bu, o‘z navbatida, kamida 250 mln kasallik holati, 2,2-5 mln o‘lim bilan tugovchi holatlarga olib keladi. Shu bilan birga, sug‘oriluvchi yerlarning 20 foizi yomonlashadi, sho‘rlanadi va foydalanishga yaroqsiz holatga keladi.

Aholining suv resurslariga oid bilimini oshirish "O‘zbekistonda Orol dengizi misolida suvdan nooqilona foydalanishning fojiaviy oqibatlariga yanada yaqqol guvoh bo‘lish mumkin. Kelgusi avlod oldida Orol fojiasi inson aralashuvi natijasi ekani va faqat shu qo‘llar bilangina "6-maqsad: toza suv va sanitariya barcha uchun" dasturi ijrosiga erishish mumkinligini yoddan chiqarmasligimiz kerak", - dedi BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori Xelena Freyzer.

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda ushbu maqsadlarga erishish uchun aholi, yoshlar va hukumatning suvdan oqilona foydalanishga doir bilimlarini oshirish zarur. Bu yo‘nalishda zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash lozim. Muammolar yechimiga fuqarolik jamiyatini jalb qilish va rag‘batlantirish, aholini suvga nisbatan madaniyatli va ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishni o‘rgatish kerak. Suvdan hamma foydalana olishi va asrash uchun nima qilish kerakligiga oid ma'lumotlar bilan bo‘lishish muhim. BMTning O‘zbekistondagi jamoasi O‘zbekiston hukumati bilan hamkorlikdan xursand ekani va ushbu maqsadga yetishish kelgusi avlod uchun juda muhimligi qayd etildi.