Jamiyat | 11:17 / 18.11.2025
1380
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda suvdan qarzdor 46 mingga yaqin abonent tarmoqdan uzilgani ma’lum qilindi

Aholi o‘rtasida to‘lov intizomini oshirish va suv tarmoqlaridan noqonuniy foydalanishni cheklash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar doirasida joriy yilda respublika bo‘yicha 62,4 mingga yaqin iste’molchi suv ta’minoti tarmog‘idan uzilgan. Eng yuqori ko‘rsatkich Toshkent shahriga to‘g‘ri kelib, bu yerda qarzdorligi sabab 46 ming abonent tarmoqdan uzilgani qayd etildi.

Foto: Getty Images

Aholi orasida to‘lov intizomini shakllantirish, markazlashgan toza ichimlik suvi ta’minoti tarmoqlari va oqova suv xizmatlaridan noqonuniy foydalanish holatlarini oldini olish, shuningdek, xizmat ko‘rsatish tizimini yanada yaxshilash maqsadida tegishli idoralar va hamkor tashkilotlar bilan birgalikda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning yanvar–oktyabr oylarida nazorat organlari bilan hamkorlikda ichimlik va oqova suv tizimlariga jami 4 351 ta noqonuniy ulanish holati aniqlangan. Eng yuqori ko‘rsatkichlar Toshkent shahri (488 ta), Sirdaryo viloyati (433 ta), Qoraqalpog‘iston Respublikasi (425 ta) va Xorazm viloyatida (419 ta) qayd etilgan.

Ushbu qonunbuzarliklar tufayli dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, jamiyat manfaatlariga 82 mlrd so‘mdan ortiq zarar yetkazilgan. Shundan 33,6 mlrd so‘mlik zararning qoplanishi ta’minlangan.

Mavjud qarzdorliklarni qisqartirish maqsadida joriy yil davomida 123,4 ming nafar qarzdor iste’molchi bo‘yicha fuqarolik va iqtisodiy sudlarga 358,4 mlrd so‘mlik da’vo arizalari kiritilgan. Hisobot davrida respublika bo‘yicha 62,4 ming nafar jismoniy va yuridik shaxs suv ta’minoti tarmog‘idan qarzdorligi sabab uzilgan.

Shu jumladan, eng yuqori ko‘rsatkich poytaxt hissasiga to‘g‘ri kelmoqda — Toshkent shahrida suv bo‘yicha qarzi mavjud 46 mingga yaqin abonent tarmoqdan uzilgani ma’lum qilindi.

Ma’lumotga ko‘ra, ko‘rilgan choralar natijasida iste’molchilarning debitor qarzdorligi joriy yil boshiga nisbatan 203 mlrd so‘mga yoki 22 foizga qisqarib, 705,5 mlrd so‘mni tashkil etmoqda. O‘tgan yilning mos davriga solishtirganda esa qarzdorliklar 364 mlrd so‘mga, ya’ni 34 foizga kamaytirilgan.

Mavzuga oid