08:44 / 23.05.2019
15827

Pensiya jamg‘armasi: ayrim hududlarda «Xalq banki» xodimlari belgilangan tartibga zid ravishda to‘lovlarni amalga oshirgan

Foto: Xalq Banki axborot xizmati

Pensiya jamg‘armasi bo‘linmalari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi prezidentining «Fuqarolarning pensiya ta'minoti tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni hamda «Pensiyalar va nafaqalar to‘lash mexanizmini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Qaroriga muvofiq pensiya va nafaqalarni o‘z vaqtida hamda to‘liq yetkazib berilishi to‘lovlar plastik kartochkalarga asossiz ravishda o‘tkazish, yotoqdagi pensionerlarga pensiya va nafaqalarning o‘z vaqtida yetkazib berilishi va boshqa pensiya va nafaqalar tarqatilishi doimiy turda monitoring qilib boriladi.

Pensiya jamg‘armasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, joriy yilning o‘tgan davrida o‘tkazilgan monitoringlarda, ayrim hududlarda AT «Xalq banki» xodimlari tomonidan belgilangan tartibga zid ravishda to‘lovlarni amalga oshirilgan holatlar aniqlandi. Jumladan:

- vafot etgan fuqarolarning 25,1 mln. so‘mlik pensiyalari boshqa shaxslarga to‘langan;
- bank xodimlari tomonidan 13,4 mln. so‘m mablag‘ o‘zlashtirilgan;

Misol uchun, Farg‘ona viloyati Buvayda tumani «Qilovtepa» mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi fuqaro J.Rahmonovaning to‘lov vedomostidagi 405,5 ming so‘mlik to‘lovi AT «Xalq banki» sayyor kassa xodimi tomonidan o‘zlashtirib yuborilgan.

- 108 mln. so‘m tegishli hujjatsiz boshqa shaxslarga to‘langan;
- yotoqdagi fuqarolarga 210,9 mln.so‘m asossiz yetkazib berilmagan.

Yuqoridagi kamchiliklarga kelgusida yo‘l qo‘ymaslik maqsadida, Pensiya jamg‘armasi AT «Xalq banki» bilan hamkorlikda tizimga innovatsion texnologiyalarni joriy qilish hisobiga pensiya va nafaqalarni yetkazish jarayonida inson omilini kamaytirish, jumladan, ilg‘or xorijiy davlatlarning tajribalari asosida pensiya va nafaqa oluvchilarni identifikatsiyalash hamda elektron pensiya guvohnomalari (ID-kartalar)ni O‘zbekiston Respublikasida joriy qilish rejalashtirilgan.

Top