Alisher Navoiy nomidagi o‘zbek tili va adabiyoti universiteti qoshidagi lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini isloh qilish bo‘yicha ishchi guruh a'zolari o‘tgan uch yil davomida bir nechta alifbo loyihasini e'lon qildi. Har safar yangi alifbo loyihasi e'lon qilingach, internetda, ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in bahs-munozaralar avj oldi, turli taklif-u e'tirozlar bildirildi.
Tan olish kerak, Ishchi guruh a'zolari jamoatchilik tomonidan bildirilgan fikr-mulohazalarni o‘rganib, alifbo loyihalarini tobora takomillashtirib bordi. Nihoyat, yaqinda Ishchi guruh tomonidan isloh qilingan alifboning yakuniy varianti e'lon qilindi. Mana, o‘sha alifbo loyihasi:

Ochig‘i, boshidan aytib qo‘yay, menga ushbu alifbo loyihasi juda ma'qul bo‘ldi. Birgina men emas, joriy alifbomizning noqulayliklarini va yangi loyihaning afzalliklarini chuqur his qilgan, zamonaviy texnologiyalar talablarini yaxshi anglagan barcha yurtdoshlarimiz ushbu alifbo loyihasini qo‘llab-quvvatlamoqda. Sababi:
1) ushbu alifbo tufayli shu paytgacha yozuvda duch kelinayotgan deyarli barcha texnik va imloviy muammolar yechim topadi;
2) alifbomiz tugal va ko‘rkam holatga keladi;
3) turli qarashga ega vatandoshlarimizning fikr-mulohazalari inobatga olingani uchun mazkur alifbo barcha hamyurtlarimizni yagona yozuv atrofiga birlashtiradi. Ya'ni:
· Ó/ó, Ǵ/ǵ, Ç/ç va Ş/ş harflarining joriy etilishi tufayli yozish va o‘qish jarayoni har tomonlama yengillashadi;
· O‘/o‘ va G‘/g‘ harflarining teskari aks belgisidan qutulamiz va matnlarimiz orasidagi bo‘shliqlar yo‘qolib, ko‘rkamlashadi;
· milliy va zamonaviy jihatlar uyg‘unlashgani uchun loyiha yoshu qari, ilm-fan va keng jamoatchilik vakillarining talabiga birday javob beradi.

















