Kolumbiya Universitetining Barqaror rivojlanish markazi direktori Jyeffri Devid Saks O‘zbekistonga tashrifi davomida bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov bilan uchrashdi. Mazkur uchrashuvdan so‘ng Kun.uz muxbiri bilan bo‘lib o‘tgan suhbatda u O‘zbekistonning iqtisodiy jihatdan yuksalishiga to‘siq bo‘layotgan omillar, AQSh hamda Xitoy o‘rtasidagi savdo urushining O‘zbekistonga ta'siri, Samarqanddagi Ipak yo‘li universitetining muvaffaqiyatlari va boshqalar to‘g‘risida o‘z fikrlarini bildirdi.

Video: Youtube

Video: Mover (tas-ix)

— Sizning Vestminster xalqaro universitetiga tashrif buyurganingiz va ayrim hukumat rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazganingiz haqida eshitdik. Mansabdor shaxslar bilan o‘tkazgan muzokaralaringiz va Vestminster universitetida qilgan ma'ruzangiz haqida qisqacha ma'lumot bersangiz.

Barqaror rivojlanishga erishish masalasi dolzarbligi hech kimga sir emas. Iqtisodiy rivojlanish ayni vaqtda ijtimoiy va ekologik jihatdan barqarorlikni anglatadi. Men bu yerda BMTning mamlakatingizdagi rasmiy vakillari, Vestminster xalqaro universiteti o‘qituvchilari va talabalari, shu bilan bir qatorda yuqori lavozimli amaldorlar bilan ham muzokaralar o‘tkazdim. Shuni aytib o‘tishim kerakki, O‘zbekistonning ulkan salohiyatga egaligiga to‘liq ishonaman. Chunki, bugungi kunda Yevroosiyo bo‘ylab aloqalar o‘rnatilishiga katta qiziqish ortib bormoqda va mintaqa markazida joylashgan O‘zbekiston sharqdagi, g‘arbdagi, shimoldagi va janubdagi davlatlarning barchasi bilan o‘zaro mustahkam aloqalarga ega. Hozirga kelib davlatingiz Yaqin Sharq, Xitoy, Rossiya hamda Janubiy Osiyo mamlakatlari bilan ham ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirmoqda. Bu esa juda quvonarli holat. Agar ushbu mintaqada tinchlik bardavom bo‘lsa va aholining tub ehtiyojlariga yetarlicha e'tibor qaratilsa, mamlakatingizda katta natijalarga erishish uchun ulkan salohiyat mavjud. Bo‘lib o‘tgan uchrashuvlardagi asosiy masalalar aynan shu mavzularga qaratildi.

—AQSh va Xitoy o‘rtasidagi iqtisodiy urush boshqa mamlakatlarga, shu jumladan, O‘zbekistonga ta'sir ko‘rsatadi deb o‘ylaysizmi?