17:20 / 03.06.2019
22887

Grizmann «Barselona»ga yolg‘iz bormoqchi emas. So‘nggi transfer yangiliklari

Foto AFP

Kunning so‘nggi transfer yangiliklari va mish-mishlari quyida keltiriladi.

Lukaku va Rabo qarama-qarshi yo‘nalishlarda harakatlanadimi?

Yevropada shov-shuvli transferlar boshlanish arafasida. Lekin qaysi futbolchi qaysi klubga o‘tishi borasida turli nashrlar turli taxminlarni ilgari surishmoqda. 

Calcio Mercato nashri tongda «PSJ» «Manchester Yunayted» hujumchisi Romelu Lukakuga jiddiy qiziqayotgani to‘g‘risida xabar tarqatdi. Parijliklar ushbu 26 yoshli belgiyalik futbolchini yozda klubni tark etishi mumkin bo‘lgan Kilian Mbappega munosib o‘rinbosar sifatida ko‘rayotgani aytilmoqda. Lukakuga esa anchadan buyon Antonio Konte bilan yangi bosqichga qadam qo‘ygan «Inter» ham jiddiy qiziqib kelmoqda.

«PSJ» yarimhimoyachisi Adriyen Rabo esa faoliyatini davom ettirish uchun klub axtarmoqda. Telefoot xabariga ko‘ra, ushbu 24 yoshli fransiyalik futbolchi Angliyadagi bir necha klub bilan muzokara o‘tkazmoqda, bu klublar orasida «Everton» va «MYu» ham bor. Rabo «PSJ»ni erkin agent maqomida tark etishi aniq - uning parijliklar klubi bilan shartnomasi iyun oyi oxirida yakuniga yetadi. Futbolchi o‘tgan yilning dekabridan buyon maydonga tushgani yo‘q - u klubi bilan shartnomani uzaytirishdan bosh tortganidan keyin rahbariyat bilan mojaro chiqqan. Balki klublar Lukaku va Raboni ayirboshlashar?

Grizmann va Neymar birgalikda «Barselona»ga o‘tmoqchi

El Mundo Deportivo nashri Antuan Grizmanning «Barselona»ga o‘tishi tafsilotlari to‘g‘risida xabar tarqatdi. Manba ma'lumotiga ko‘ra, fransiyalik hujumchi Kataloniyaga yolg‘iz emas, balki «PSJ» hujumchisi Neymar bilan birga yo‘l olmoqchi. Ikki futbolchi ham ko‘k-anorranglilar sardori Lionel Messi bilan birga to‘p surishni istamoqda.

Grizmann «Barselona» bilan Ispaniya chempionatida va Yevropa Chempionlar ligasida g‘olib chiqishiga ishonch bildirmoqda. Neymar transferi borasida esa moliyaviy murakkabliklar bor. Kataloniyaliklar agar braziliyalik havbek Filippe Koutinoni katta pulga sota olsa, Neymarni klubga qaytarishga urinib ko‘rishi mumkin.

Grizmanning «Atletiko» bilan shartnomasidagi badal puli miqdori 1 iyul kuni 200 million yevrodan 120 million yevroga tushadi. Forvard allaqachon «Atletiko» bilan xayrlashgan, u katta ehtimol bilan yangi mavsumni «Barselona»da boshlaydi. Neymarning shartnomasida esa badal puli miqdori ko‘rsatilmagan va «PSJ» ham uni sotishni rejalashtirayotgani yo‘q. Ammo parijliklar bu futbolchining qiliqlaridan to‘ysa, «Barselona»da uni o‘z safiga qo‘shib olish uchun imkoniyat tug‘iladi. Kataloniyaliklarda Neymarni Usmon Dembelega ayirboshlash varianti mavjud.

Azar «Real»ga: 110 million yevro va 15 million yevrolik bonuslar

«Chelsi» hujumchisi Eden Azarning «Real»ga o‘tishi amalda hal bo‘lib ulgurgan. Tomonlar transfer bo‘yicha oxirgi kelishuvga erishishgan -   nashri ma'lumotiga ko‘ra, «Qirollik klubi» 28 yoshli belgiyalik futbolchi uchun 110 million yevro to‘laydi, bundan tashqari futbolchining natijalariga qarab yana 15 million yevrogacha bonus pullari «Chelsi» g‘aznasiga o‘tkazilishi mumkin.

«Chelsi» uchun bu yomon bo‘lmagan variant. Avvaliga «ko‘klar» futbolchi uchun 130 million funt (150 million yevroga yaqin) mablag‘ talab qilishayotgandi. Ammo keyingi mavsumda shartnomasi muddati yakunlanadigan Azarning o‘zi tashabbus ko‘rsatdi va shartnomasini uzaytirmaslik qarorida qat'iy turdi. U so‘nggi yillar davomida aynan «Real»ga o‘tmoqchiligini bot-bot takrorlagandi. Shunday ekan, 110+15 million yevrolik transfer - ikki tomonni ham qanoatlantiradi.

Belgiyalik futbolchi London klubida 7 yil to‘p surdi. U «Chelsi» bilan ikki marta Angliya chempioni bo‘ldi va ikki marta Yevropa Ligasida g‘olib chiqdi. Yakunlangan mavsumda Azar «ko‘klar»ning barcha turnirlar doirasidagi 52 o‘yinida ishtirok etib, 21 gol urdi hamda 17 golga uzatma berdi.

Top