Jamiyat | 21:45 / 03.06.2019
8639
3 daqiqa o‘qiladi

Samarqand shahrida kelgusi uch yil ichida 6 ta zamonaviy yo‘l o‘tkazuvchi ko‘priklar quriladi

2022 yilda Samarqand shahrida o‘tkaziladigan Shanxay Hamkorlik Tashkiloti sammitini yuqori saviyada tashkil etish uchun kelgusi uch yilda shahar hududida 6 ta yo‘l o‘tkazgich — ko‘prik quriladi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati Kun.uz’ga ma'lum qilmoqda.

Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 17 maydagi «Samarqand shahrida 2019–2022 yillarda amalga oshiriladigan ulkan bunyodkorlik ishlari to‘g‘risida»gi qaroriga ko‘ra, Samarqand shahrida 2019–2022 yillarda barpo etiladigan ko‘prik va tonnellar, shuningdek, quriladigan, ta'mirlanadigan va rekonstruksiya qilinadigan avtomobil yo‘llarining manzilli ro‘yxati tasdiqlandi. 

Uch yil ichida loyiha qiymati 452,5 milliard so‘m, umumiy uzunligi 197 metr bo‘lgan, chunonchi, Siyob kanali ustidan o‘tuvchi (37 metr), Gagarin ko‘chasida temir yo‘l ustidan o‘tuvchi (10 metr), Qozizoda Rumiy ko‘chasi bo‘ylab 4R-46 avtomobil yo‘lidan o‘tuvchi (12 metr), Oqdaryo tumanidagi sobiq Rofe Hamroyev nomli xo‘jalik hududini Samarqand shahri markazi bilan bog‘lovchi Qoradaryo ustidan o‘tuvchi (54 metr) , Ibn Xoldun ko‘chasidagi temir yul ustidan o‘tuvchi (34), Gagarin ko‘chasidan M-37 avtomobil yo‘liga chiqish uchun Siyob kanali ustidan o‘tuvchi (50 metr) ko‘priklar quriladi.

Qurilish ishlari respublika budjeti mablag‘lari hamda «Abu-Dabi taraqqiyot jamg‘armasi» mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

Avtomobillar ko‘paygach, Samarqand shahrida tobora yo‘l tirbandligi muammosi kelib chiqmoqda. Oqibatda Samarqand shahrining goh u, goh bu ko‘chasida mashinalarning turnaqator bo‘lib tizilib qolishi, harakat xavfsizligini ta'minlashda noqulayliklar kuzatilmoqda.

Samarqand shahrida yo‘l o‘tkazuvchi ko‘priklar bunyod etilishi avtoulovlarning o‘tish imkoniyatlarini bir necha marta oshiradi, transport harakatini tartibga soladi. Ko‘chalarda tirbandlikni kamaytirib, haydovchi va yo‘lovchilar ortiqcha vaqt va mablag‘ yo‘qotishining oldini oladi. Eng muhimi, ko‘priklar qurilishi natijasida odamlarning uzog‘i yaqin bo‘ladi.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid