Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tillarang guruch: nima uchun irsiyat bo‘yicha mutaxassislar yangi guruch navini yaratishdi va loyiha mag‘lubiyatga uchradi?
Irsiy modifikatsiya qilingan ko‘pgina o‘simliklar kabi tillarang guruch ham jamiyat tomonidan sovuq kutib olindi. Dastlab unga beta-karotin yetishmovchiligini to‘ldiruvchi mo‘jizaviy vosita sifatida munosabat bildirildi. Biroq bari murakkab ekani ma'lum bo‘ldi: tillarang guruchni ishlab chiqish ilm-fan vakillari orasida faol bahslarga sabab bo‘ldi, uni yaratish uchun sarflangan mablag‘ esa hali o‘zini oqlagani yo‘q.
Tillarang guruchni yaratish g‘oyasi ezgulikni amalga oshirish yo‘lidagi bir qadam edi. Bu o‘simlikni aholisi inson organizmi uchun zarur A vitamini yetishmasligi tufayli muvozanatlashmagan ovqatlanishdan aziyat chekadigan Janubi-sharqiy Osiyo mamlakatlariga tarqatish rejalashtirilgandi. Filippin, Shri-Lanka, Bangladesh va Hindiston yangi madaniyat iste'molchilariga aylanishlari lozim edi. Mahsulotni ishlab chiqish bilan shug‘ullangan shveysariyalik olimlarning ma'lum qilishicha, tillarang guruchning ilk namunasi 2009 yilda yaratilgan. O‘sha vaqtdan beri bir necha yil o‘tganiga qaramay, mo‘jizaviy mahsulot hali ham Osiyo bozorlari va do‘konlarida uchramaydi.
Ma'lum bo‘lishicha, yaratuvchilarning fikrlari haqiqatdan ancha yiroq. To‘yintirilgan guruchda o‘tkazilgan ilk tekshiruvlardan keyin u aytilgan o‘lchamlarga to‘g‘ri kelmasligi, undagi beta-karotin rejalashtirilganidan ancha kam ekani aniqlandi. Tillarang guruch yaratuvchilari ishni davom ettirishdi va o‘simlikning bir necha o‘zgartirilgan variantlarini amalga oshirishdi. Ular yaxshi ko‘rsatkichlarga ega edi. Shunga qaramay, mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra,beta-karotin kunlik normasini olish uchun sabzi, qovoq, mango va bargli o‘simliklarni ko‘proq iste'mol qilish osonroq va maqsadga muvofiq. Bundan tashqari, Janubi-sharqiy Osiyo mamlakatlarida A vitamini yetishmovchiligi bo‘yicha amalga oshirilayotgan bir qator xalqaro dasturlar o‘z samarasini namoyish etdi. Ularni amalga oshirish xarajatlari irsiy o‘zgartirilgan guruchni yaratishga sarflangan mablag‘ga qaraganda ancha kamroq ekani qayd etildi.
Bundan tashqari, yangi guruchda yana bir yetishmovchilik kuzatildi: beta-karotin hayvon yog‘i mavjud bo‘lgandagina to‘liq o‘zlashtirilgan. Loyiha tanqidchilari hech kim tillarang guruch yaxshi o‘zlashtirilishi uchun Filippin yoki Bangladesh aholisini yog‘ bilan ta'minlamoqchi emasligini aytishdi.
Jamiyatda faol muhokamalarga sabab bo‘lgan tillarang guruchni yaratish loyihasi hali ham ishlab chiqish jarayonida.
Mavzuga oid
21:26 / 07.02.2026
Eng ko‘p guruch iste’mol qiladigan mamlakatlar ma’lum qilindi
13:16 / 21.01.2026
O‘zbekiston guruch eksportida Qozog‘iston birinchi o‘rinda
15:24 / 08.07.2025
Aholini guruch bilan ta’minlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari belgilandi
14:24 / 09.06.2025