10:29 / 08.06.2019
14444

Sog‘liqni saqlash sohasini isloh etishga to‘sqinlik qilayotgan tizimli muammolar ma'lum bo‘ldi

Foto: Fotolia

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari hamda Fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash masalalari qo‘mitalari yig‘ilish o‘tkazdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosarining 2019-2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasining sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish Konsepsiyasi doirasida tibbiyot muassasalarida “elektron sog‘liqni saqlash” tizimini keng joriy etish, yagona milliy standartlar asosida integratsiyalashgan axborot tizimlari va ma'lumotlar bazasi majmuasini yaratish borasida olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida axboroti eshitildi.

Qayd etilganidek, mamlakatda sog‘liqni saqlashni boshqarishning yagona tizimini yaratish, tibbiyotning xususiy sektorini rivojlantirish, aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish uchun qulay shart-sharoitlarni ta'minlash borasida keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Biroq, ushbu sohada sog‘liqni saqlashni samarali isloh qilishga to‘sqinlik qilayotgan qator tizimli muammolar saqlanib qolmoqda. 

Xususan, sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish bo‘yicha uzoq muddatli strategiyaning mavjud emasligi oqibatida sohadagi islohotlar to‘liq bo‘lmagan shaklda va tizimsiz olib borilmoqda, bu esa aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish imkonini bermayapti. Xorijiy mamlakatlarda qo‘llanilayotgan ilg‘or tajriba va aniq innovatsion modellar lozim darajada hisobga olinmayotganligi sohaga investitsiyalarni jalb etish va xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkonini qiyinlashtirmoqda.

Shuningdek, tibbiyot va farmatsevtika xodimlari to‘g‘risida haqqoniy ma'lumotlar, ishonchli tibbiyot statistikasining yagona bazasi shakllantirilmaganligi sog‘liqni saqlash tizimi ahvolini munosib baholash va mavjud muammolarni hal etish bo‘yicha samarali chora-tadbirlarni ishlab chiqish imkonini bermayapti. 

Tadbirda ta'kidlanishicha, tibbiyot muassasalari, markazlarning saytlaridan aholi kerakli ma'lumotlarni ololmayapti. Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, tibbiyot markazlari saytlaridan fuqarolar o‘ziga kerakli bo‘lgan faqatgina 30 foiz ma'lumotni olishi mumkin ekan. Ba'zi muassasalarda bu ko‘rsatkich 30 foizdan ham past. Deputatlar mazkur masala yuzasidan mutasaddilardan izoh so‘radi. Mutasaddilarning so‘zlariga ko‘ra, bunga asosiy sabab mazkur muassasalarda AKT bo‘yicha mutaxassis yetishmaydi. Bori ham talabga javob bermayapti. 

Hozirda tibbiyot muassasalarining faoliyatini yanada tizimli yo‘lga qo‘yishda, qog‘ozbozlik va rasmiyatchilikka barham berishda muhim ahamiyat kasb etuvchi yagona elektron ma'lumotlar bazasini yaratish va yuritish, shuningdek, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish borasidagi ishlar talab darajasida yo‘lga qo‘yilmagan. Tibbiyot muassasalarida yuritiladigan tibbiy hujjatlar, jumladan, jurnallar haddan ziyod ko‘pligi kuzatilmoqda.

Elektron sog‘liqni saqlash sohasida yagona standartlar mavjud emas, tibbiy xizmatning integratsiyasi va samarali boshqarilishini ta'minlaydigan zamonaviy dasturiy mahsulotlar joriy etilmagan, mavjud axborot tizimlari va texnologiyalari tarqoq tusga ega va tor yo‘nalishlarga mo‘ljallangan. 2019-2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasining sog‘liqni saqlash Konsepsiyasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va “elektron sog‘liqni saqlash”ni keng joriy etish belgilangan bo‘lsa-da, bu boradagi ishlar talab darajasida tashkil etilmagan. Joylarda elektron hujjat aylanishini joriy qilish orqali ish jarayonini maqbullashtirish, uzoq masofadan turib navbat olish kabi masalalarga yetarlicha e'tibor qaratilmagan.

Eshituv davomida ishtirokchilarning qonunchilikka sog‘liqni saqlash tizimiga innovatsion texnologiyalar joriy qilinishini rag‘batlantirishga qaratilgan qoidalarni kiritish, sohaning huquqiy asoslarini yaratish bo‘yicha qator fikr va takliflari tinglandi, deyiladi Qonunchilik palatasi xabarida.

Top