10:51 / 08.06.2019
4023

Sog‘liqni saqlash vazirligi: Tamaki 2030 yilga borib dunyo miqyosida 8 milliondan ziyod kishi o‘limiga sabab bo‘lishi mumkin

Sog‘liqni saqlash vazirligi mamlakatimizning barcha hududlarida yuqumli kasalliklarning oldini olish, sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va aholining jismoniy faolligini oshirishga qaratilgan ommaviy tadbirlarni muntazam tashkil etib kelmoqda. Navbatdagisi 8 iyun, shanba kuni «Tanlov sizdan: tamaki yoki sog‘lom o‘pkalar» shiori ostida o‘tkazildi. Joylarda oilaviy poliklinikalar tomonidan mahalla fuqarolik yig‘inlari guzari, ta'lim muassasasi stadionlarida tashkil etilgan ommaviy tadbirlarda mahalliy aholi vakillari faol ishtirok etishdi.

Jumladan, ushbu ommaviy tadbirlar doirasida poytaxtimizdagi G‘ofur G‘ulom nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ida Sog‘liqni saqlash vazirligi, hamkor tashkilotlar hamda ahli ishtirokida 5 kilometrga faol yurish va gimnastika mashqlari uyushtirildi. Shu bilan birga, «Salomatlik maydonchasi», «Biz tamakisiz hudud uchun ovoz beramiz» tadbirlari ham bo‘lib o‘tdi.

«Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma'lumotlariga ko‘ra, tamaki mahsuloti undan foydalanuvchi insonlarning yarmidan ko‘pining o‘limiga sababchidir. Sigaretalar dunyo bo‘ylab yiliga qariyb 7 million odamning umriga zomin bo‘lmoqda. Ularning 6 milliondan ortig‘i iste'molchilar va sobiq tamaki iste'molchilari bo‘lsa, 890 mingdan ziyodiga esa tamaki tutuni sabab bo‘layotgani achinarlidir. Tamakiga qarshi keskin choralar ko‘rilmasa, 2030 yilga kelib yillik o‘limlar soni sakkiz milliondan oshishi mumkin.

Tamaki tutunida 4000dan ortiq kimyoviy moddalar mavjud bo‘lib, ulardan kamida 250ta zararli va 50dan ortig‘i kanserogenlardir. Odatiy chekish natijasida kelib chiqqan pastki nafas yo‘llarining infeksiyalaridan dunyoda yiliga 5 yoshgacha bo‘lgan 165 ming nafar bola nobud bo‘lmoqda. Katta yoshga yetganlari esa ikkilamchi tutunning ta'sirini sog‘ligida his qilib turishadi. Kichik yoshida nafas yo‘lida yig‘ilib qolgan infeksiya katta yoshda ushbu a'zoda kasalliklar rivojlanishi xavfini oshiradi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ekspertlarining ta'kidlashicha, O‘zbekistonda kattalar orasida chekish ko‘rsatkichlariga ko‘ra, hozirgi kunda 2,8 million nafar sigaret chekuvchilardan 1,4 milliondan ziyodida (50 foizi) chekish tufayli erta o‘lim xavfi mavjud va tamaki mahsulotlariga qarshi faolroq choralar ko‘rilmasa, bu raqam yanada ortishi mumkin.

Sog‘liqni saqlash vazirligi ushbu yo‘nalishdagi ishlarni muntazam ravishda davom ettiradi. Xususan, iyun oyi davomida «Sog‘lom ovqatlanish – sog‘lom hayot demakdir», «Zararli odatlar – umr kushandasi», «Jismoniy faollik – uzoq umr ko‘rish garovi» shiorlari ostida o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Top