Dunyoda turli-tuman sanalar ko‘p. Ularning ayrimlari bayram sifatida nishonlansa, ba'zilari qaysidir muammoga e'tibor qaratish uchun belgilanadi. Ana shunday sanalardan biri bugun, 12 iyun – «Butunjahon bolalar mehnatiga qarshi kurash kuni» sifatida nishonlanadi. Xo‘sh, nega shunday? Bolalar mehnati shu qadar yirik muammomi?

Avvalo bolalar mehnati degan tushunchaga oydinlik kiritib olish lozim. Bolalar mehnati – voyaga yetmaganlarni muntazam mehnatga jalb qilish bo‘lib, dunyoning ko‘plab davlatlarida bolalarni uzluksiz ekspluatatsiya qilish sifatida malakalanadi va qonun yo‘li bilan ta'qib qilinadi.

O‘tmishda bolalar mehnatiga oddiy hol sifatida qaralgan va bu holat juda keng tarqalgan bo‘lgan. Ammo bolalar huquqlari bo‘yicha qator xalqaro konvensiyalar qabul qilinganidan so‘ng bu holatga birin-ketin barham berila boshlandi.

BMT va Xalqaro mehnat tashkiloti bolalar mehnatini qoralaydi. Bolalar huquqlari konvensiyasining 32-bobi «bolalarni jismoniy, ruhiy, ma'naviy va ijtimoiy rivojlanishiga to‘siq bo‘luvchi, salomatligi hamda ta'lim olishiga xalaqit qiluvchi har qanday iqtisodiy ekspluatatsiyalardan himoya qilish»ni nazarda tutadi.

Albatta, bolalar mehnatiga qarshi qator konvensiyalar bor, havas qilgulik qonunlar qabul qilingan. Ammo yigirma birinchi asrning choragi o‘tib bormoqdaki bu muammo hamon o‘z yechimini topmagan, ayrim hududlarda hatto yanada chuqurlashgan.

Bugungi kunda bolalarning pul topish va oilasiga ko‘mak berish maqsadidagi harakatlariga chidash, ko‘z yumish balki mumkindir. Ammo bu holatlarga ham chek qo‘yish zarurati bo‘lgan bir paytda mavzuga oid bundanda og‘ir muammolar mavjud.

Voyaga yetmagan bolalar qullikka mahkum qilinmoqda, jangovar harakatlarda ishtirok etishmoqda va ayanchlisi hatto jinsiy ekspluatatsiyalarga ham duchor bo‘lishmoqda.

Afrika davlatlari, Yaqin Sharq va uzoq yillardan buyon Suriya, Iroq va Afg‘oniston kabi hududlarda bu boradagi ahvol nihoyatda murakkab.

Xalqaro mehnat tashkiloti va Walk Free jamg‘armasining bu boradagi tadqiqotlari kishini o‘yga toldiradi: so‘nggi ma'lumotlarga qaraganda dunyo bo‘ylab 40 milliondan ortiq inson zamonaviy qullikka mahkum, ya'ni o‘z ixtiyoriga qarshi va ramziy haq yoki shunchaki qorin to‘ydirish evaziga ishlaydi. 5 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lgan 152 million bola shuncha taqiqlarga qaramay bolalar mehnatiga muntazam