Murojaatlarni o‘rganish asnosida juda qiziq holatlarga ham duch kelamiz. Farg‘ona shahrining qoq markazida sun'iy buloq ustidan chiqdik.
Avvaliga arznomadagi Istiqlol ko‘chasiga borib tanishgach, atrofda minglab kubometr suv qanday isrof bo‘layotganini tasavvur ham qila olmadik. Chunki, atrofda suv oqayotgan joy ko‘rinmas edi.

«Ko‘mma» qilingan katta kamchilik
Farg‘ona shahridagi «Madadkor» MFYning Istiqlol va Said Ahmad ko‘chalari kesishgan joyida bo‘lganimizda aholi vakillari shahar «Suvoqova» korxonasi xodimlari tomonidan turli tosh bo‘laklari va shiferlar bilan ko‘mib qo‘yilgan «suv bulog‘i»ni ko‘rsatishdi. Azaldan xalqimizda biror nojo‘ya narsani boshqalardan berkitish uchun ustiga nimadir yopib, ko‘mib qo‘yish, «ko‘mma qilish», deyiladi.
Video: Youtube
Video: Mover (tas-ix)
Farg‘ona shahar suvchilari 7 yildan beri kuniga o‘n ming litrlab ichimlik suvi isrof bo‘layotgan kamchilikni ham shunday bekitmoqchi bo‘lishgan.

«Suv bulog‘i» ustidagi shifer va tosh bo‘laklarini ochishimiz bilan yoriqdan katta bosimdagi «favvora» «bosh ko‘tardi». Eh-he... Quvur yorig‘ining yarmini ham ochmasimizdan «favvora» balandligi besh metrga yetdi. Aholining aytishicha, yana ochilsa atrofni suv bosib ketar ekan.
















