Jamiyat | 15:00 / 19.06.2019
48246
2 daqiqa o‘qiladi

MIB: «4 nafar xodimimiz ijro vaqtidagi qattiq qarshilik oqibatida vafot etishgan» 

Bugun, 19 iyun kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi anjumanlar zalida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi xodimlari va jurnalistlar ishtirokida ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.

Tadbir davomida OAV xodimlari MIB faoliyatini takomillashtirish, asossiz qarzdorlik to‘lovlarini undirish kabi holatlar va sohadagi mavjud qator kamchiliklar va ularni bartaraf etish choralari yuzasidan savollar berishdi.

Ma'lumotlarga ko‘ra, MIB tomonidan o‘tgan 2 yil davomida 54,5 trillion so‘mlik pul mablag‘lari qarzdor iste'molchilardan undirib olindi. Shundan 26,7 trillion so‘m elektr energiya, 26,2 trillion so‘m tabiiy gaz, 1,5 trillion so‘m suv va 90 milliard so‘m maishiy chiqindidan qarzi bo‘lgan shaxslardan yig‘ib olingan. Undiruv avvalgiga nisbatan 168 foizga ko‘paygan.

Adliya vazirligi tomonidan tasdiqlangan ijrochilarning ish hajmi-me'yoriga ko‘ra, istalgan ijrochi bir oyda kamida 19ta ijro ishini tamomlashi kerak. Hozirgi kunda ish hajmi ko‘pligi hisobiga oyiga bir ijrochi o‘rtacha 137ta ijro ishini amalga oshirmoqda.

«Byuro xodimlariga nisbatan qarshilik holatlari ham bo‘lib turibdi. O‘tgan davrda 319 marta qarshilik holatlari bo‘lib, ular bo‘yicha 130ta jinoyat ishi ochilgan va 105ta ma'muriy ish bo‘yicha javobgarlik ko‘rilgan. Mana shunday qarshiliklar ko‘rsatish jarayonida MIBning 4 nafar xodimi vafot etgan», deya MIB rahbariyati so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid