Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda «Miromon Mirziyoyev nomli tibbiyot birlashmasining o‘ttiz xodimi ishdan bo‘shatilayotganiga norozilik bildirdi» sarlavhali xabar tarqaldi.
Unda Jizzax viloyati Zomin tuman tibbiyot birlashmasining tez tibbiy yordam shoxobchalarida ishlaydigan 30 nafardan ortiq hamshira, dori taxlovchi, kichik tibbiy xodim va dispetcherlar 18 iyun kuni tuman Xalq qabulxonasiga borib, ishdan noqonuniy bo‘shatilayotganiga qarshi norozilik bildirgani, tibbiyot birlashmasidagi rahbarlardan pora orqali o‘zlari ishga olgan xodimlar ko‘p vaqt o‘tmay (olti oy) shtat qisqargani tufayli mehnat shartnomasi bekor qilinishi haqida ogohlantirish xati olgani aytilgan.
Tuman tibbiyot birlashmasida aslida ham yoppasiga shtat qisqarganini bahona qilib 100 nafardan ziyod tibbiy xizmat xodimlariga ogohlantirish xatlari berilganmidi? Xodimlarga ogohlantirish xatlari qanday asoslarga ko‘ra berilgan edi?

«Maqolada 2019 yilning 18 iyun kuni tuman «Xalq qabulxonasi»ga tibbiyot birlashmasining o‘ttiz nafar xodimi norozilik namoyishi qilib kelgan, deb yozilgan ekan. O‘sha kuni o‘ttiz nafar emas balki, mehnat shartnomasi bekor bo‘layotganidan norozi bo‘lgan 6 nafar xodim shikoyat qilib kelgan edi. Biz murojaatchilar bilan suhbatlashdik. Ularning e'tirozini yozma ravishda qabul qildik. To‘rt nafar xodim ariza bilan murojaat qilishni xohlamay chiqib ketdi. Biz tegishli tartibda ikki nafar xodimning murojaatini rasmiylashtirib, Zomin tumani prokuraturasiga yo‘lladik. Ayni damda surishtiruv ishlari boshlangan», — deydi tuman «Xalq qabulxonasi» bosh mutaxassisi Bozorboy Boybo‘tayev.

Tuman tibbiyot birlashmasida mehnat shartnomasi bekor qilinayotgani haqida ogohlantirish xati olgan kichik tibbiy xodim Hilola Kubayeva bilan suhbatlashganimizda may oyidan boshlab kompensatsiya to‘lovi olayotganini, oxirgi ish kuni 20 iyulgachaligi, lekin haliyam umidi so‘nmaganini bildirdi.
«18 iyun kuni ishda edim. Ishdan bo‘shatilayotgan xodimlar Zomin tumani markazidagi «Xalq qabulxonasi»ga borib, meni ham chaqirishdi. Bir amallab yetib bordim. U yerda men qatori ogohlantirish xatlarini olgan 6 nafar ishchi bor ekan. U yerda 30 nafar xodim norozilik namoyishi uyushtirmagan edi. Men borganda to‘rt nafar xodim fikridan qaytib ketib qoldi. O‘sha kuni murojaat qilib bormagandim. Faqatgina ishchilarimiz «keling, biz sizga ishonib murojaat qilyapmiz», deyishgani uchun borgandim.
Lekin murojaatchilarning ko‘pchiligi o‘z fikridan qaytdi. Men ularni tushunaman. Tibbiyot birlashmasidagi bir guruh vakillar uyma-uy yurib, arz qilmoqchi bo‘lgan xodimlarimizning oilasiga bosim o‘tkazib, fikridan qaytarishga undashgan.



















