«Hududiy elektr tarmoqlari»: Buxoroda elektr energiya sohasiga zamonaviy texnologiyalar joriy etilmoqda
Elektr energetikasi iqtisodiyot rivoji, hayot sifatini ta'minlaydigan asosiy manbalardan biri. So‘nggi yillarda mamlakatimizda bu tarmoqdagi mavjud kamchiliklarni bartaraf qilish va sohani yanada takomillashtirish yuzasidan qator amaliy ishlar amalga oshirildi. Sohani rivojlantirish yuzasidan qabul qilingan Prezident farmonlari, qarorlari va boshqa qonun hujjatlari ijrosini ta'minlash yuzasidan respublikamizning barcha hududlarida izchil chora-tadbirlar hayotga tatbiq etib kelinmoqda.
Xususan, Buxoro viloyati hududiy elektr tarmoqlari korxonasi tomonidan ham viloyatda bu borada tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilib, iste'molchilarni elektr energiyasi bilan uzluksiz ta'minlash, sohaga yangi, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, korxona tomonidan joriy yilda 756,5 km uzunlikda elektr uzatish tarmoqlari va 250 ta transformator punktlarini qurish hamda rekonstruksiya ishlari jadal davom ettirilmoqda. Shuningdek 28 ta massivda 890 ta yangilangan namunaviy uy-joylarni elektr energiyasi bilan ta'minlash maqsadida 10,7 km uzunlikda elektr tarmog‘i va 22 ta transformator punktlarini yangidan qurish ishlari rejalashtirilgan bo‘lib, amalda 20,8 km elektr uzatish tarmoqlari va 28 ta transformator punkti yangidan qurildi.
Shuningdek, joriy yilda 7-kichik nohiya, Buxoro va Kogon tumani yo‘li bo‘ylab quriladigan 10 ta xonadonli ko‘p qavatli uy-joylarni elektr energiyasi bilan ta'minlash maqsadida 3,5 km uzunlikda elektr tarmog‘i va 3 ta transformator punktini yangidan qurish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, korxona tomonidan «Obod qishloq» dasturi bo‘yicha ham belgilangan chora-tadbirlar ijrosi ta'minlanmoqda. Shu maqsadda joriy yilda 305,0 km elektr uzatish tarmoqlari, 99 ta transformator punktlarini yangidan qurib, ishga tushirilmoqda.
«Obod mahalla» dasturi yuzasidan joriy yil 21,3 km elektr tarmoqlari, 9 ta transformator punktlari bosqichma-bosqich yangidan qurib ishga tushirilmoqda.
Korxona tomonidan elektr tarmoqlari va qurilmalarini 2019-2020 yillar kuz-qish mavsumiga tayyorlash bo‘yicha joriy yilda 2508,5 km elektr uzatish tarmoqlari va 683 ta transformator punktlarini mukammal ta'mirlash ishlari izchil olib borilmoqda.
Prezidentimizning 2018 yil, 23 oktyabrdagi “Elektr energetikasi tarmog‘ini jadal rivojlantirish va moliyaviy barqarorligini ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati Janubiy Koreyaning “KT Corporation” kompaniyasi bilan hamkorlikda Buxoro viloyatida elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish ishlari (EEHO va NQAT) bosqichma-bosqich reja asosida olib borilmoqda.
Dastlab Qorovulbozor tumanida jami 4 537 nafar iste'molchiga 100 foiz zamonaviy elektr hisoblagichlar va 79 ta konsentratorlar o‘rnatilib, «Billing markazi» ishga tushirildi.
Iste'molchilar elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimiga ulangandan so‘ng iste'molchi va elektr ta'minoti korxonasi o‘rtasida bir qator qulayliklar yaratilmoqda.
Xususan, iste'molchi tomonidan iste'mol qilingan elektr energiyasi uchun to‘lovlarni oldindan amalga oshirilishi, elektr energiyasi iste'moli va texnik yo‘qotishlarning nazoratini olib borish, iste'molchilarga uzluksiz va sifatli elektr energiyasini yetkazib berish, rejali va avariyaviy o‘chishlar haqida iste'molchilarni oldindan ogohlantirish, qarzdor iste'molchilarni yakka tartibda tarmoqdan ajratish hamda tarmoqda me'yordan yuqori kuchlanish paydo bo‘lganda iste'molchilarning elektr jihozlarini himoyalash imkoniyati yaratiladi.
Hisoblagich o‘rnatilib tizimga ulangach, kodlar kiritilib, hisob-raqam ochiladi va iste'molchilarga SMS xabar orqali barcha ma'lumotlar avtomatik yetkazib beriladi. Iste'molchilar mobil telefon raqami orqali to‘lovlarni onlayn rejimida amalga oshirish va «shaxsiy kabinet» orqali har bir iste'molchi AMI dasturidan kerakli ma'lumotlarni olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Bunday imkoniyatlarni keng tatbiq etish maqsadida Buxoro shahri, G‘ijduvon, Kogon va Peshku tumanlarida iste'molchilarning elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimida ishlaydigan elektr hisoblagichlariga almashtirish ishlari boshlab yuborildi.
Buxoro shahrida 79 ming 942 iste'molchilar bo‘lib, hozirda 66 ming 722 ta elektr hisoblagich almashtirildi, 518 ta konsentrator uskunasi o‘rnatildi. G‘ijduvon tumanida 55 ming 317 ta elektr hisoblagich almashtirildi, 334 ta konsentrator uskunasi o‘rnatildi. Kogon tumanida 4273 ta elektr hisoblagich almashtirildi va 32 ta konsentrator uskunasi o‘rnatildi. Peshku tumanida esa 4007 ta elektr hisoblagich almashtirilib, 38 ta konsentrator uskunasi o‘rnatildi.
Buxoro shahrida elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish natijasida 71 ming 323 maishiy iste'molchilardan 66 ming 335 nafarining elektr hisoblagichlari almashtirildi, shundan 53 ming 835 tasi AMI dasturiga ulandi. Natijada, 2019 yil 1 yanvar holatida debitor qarzdorlik 4 015,0 mln.so‘mni tashkil qilgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 1 iyun holatida 3 261,4 mln.so‘mni tashkil etdi va 753,6 mln.so‘mga kamayishga erishildi.
O‘tgan davrlarda SMS ko‘rik natijasida aholi iste'molchilariga hisoblangan elektr energiyasi o‘rtacha bir oyda 10 530,0 ming.kVt.soatni tashkil etgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi ishga tushirilgandan so‘ng oyiga 12 869,6 ming kVt.soatni ya'ni, 2 339,6 ming kVt.soatga oshdi. Yetkazib berilgan elektr energiyasi uchun undirilgan mablag‘ o‘rtacha bir oyda 2 146,0 mln.so‘mni, tizim ishga tushirilgach esa bu 3 354,0 mln.so‘mni, ya'ni 1 208,0 mln.so‘mga ko‘payishga erishildi.
Alohida ta'kidlash kerakki, ushbu zamonaviy elektr hisoblagichlar iste'molchilarga “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ mablag‘lari evaziga bepul o‘rnatib berilmoqda.
2018-2021 yillar davomida Buxoro viloyatidagi barcha maishiy va ulgurji iste'molchilarni elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimiga o‘tkazish ishlari jadal davom ettirilmoqda.
Bardoshbek SAMAD o‘g‘li tayyorladi.
Mavzuga oid
11:34 / 08.10.2024
Buxoroda ikki ishchi tok urishi oqibatida halok bo‘ldi
17:13 / 12.08.2024
Muqobil energiya manbalaridan foydalanishni rag‘batlantirish bo‘yicha topshiriqlar berildi
16:34 / 21.07.2024
Buxoroda xorijdagi eriga jahl qilib, bolalarini kaltaklagan ayolga jazo qo‘llandi
10:17 / 10.07.2024