Kodeks qaysi jihatlari bilan ahamiyatli? Unda qanday yangiliklar ko‘zda tutilgan? Parlamentga saylovlar arafasida mazkur kodeksning qabul qilinishi qanday ma'noga ega?
Yagona qonun – yagona tartib
Mazkur Kodeks Prezident, Qonunchilik palatasi deputatlari, Senat a'zolari, mahalliy kengashlar deputatlari saylovlariga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish tartibini belgilaydi.
Shu paytgacha mamlakatimizda saylov to‘g‘risida ko‘plab hujjatlar amal qilib kelmoqda edi. Saylov yilida ushbu hujjatlarga murojaat qilinishi va ularning amalda qo‘llanishi ayniqsa ko‘payishi hech kimga sir emas.
Biroq turli darajadagi 20 dan ortiq qonun hujjatlarini amalda qo‘llashda murakkabliklar yuzaga kelishi mumkin. Masalan, ushbu qonun hujjatlarida deyarli bir xil narsalar yozilgan. Ammo o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish kerak bo‘lsa, har biriga kiritib chiqish lozim bo‘lardi. Bu esa ko‘p vaqt va boshqa resurslarni talab qiladi.
«O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida»gi Qonun va u bilan tasdiqlanayotgan Kodeks orqali mamlakatimizda amalda bo‘lgan saylov to‘g‘risidagi 26 ta qonun hujjatlari qamrab olinyapti. Ya'ni shuncha hujjat bekor qilinib, o‘rniga ushbu yagona Kodeks amalga kiritilmoqda.
Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati
Kodeksda nazarda tutilgan muhim yangilik, innovatsiya deyish ham mumkin, saylovchilarning elektron ro‘yxatidir. Endilikda saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati shakllantiriladi va saylovchilar Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytida o‘zi uchun kerakli ma'lumotlarni olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Ma'lum bo‘lishicha, Markaziy saylov komissiyasi mutaxassislari saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatini yaratish ustida anchadan beri ish olib bormoqdalar. Xususan, uyma-uy yurib, saylovchilar ro‘yxatga olingan va har bir saylovchi turar joy kadastr raqamiga biriktirilgan.
Bundan maqsad «bir saylovchi – bir ovoz» prinsipini to‘liq va bexato amalga oshirishdan iborat. Masalan, biror saylovchi yashash joyi o‘zgarsa, doimiy ro‘yxatdan vaqtinchalik ro‘yxatga o‘tsa, bu saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatida o‘z aksini topadi. Bu saylovchining faqat bir joyda bir marta ovoz berishini ta'minlaydi.
Shu bilan birga ushbu elektron tizim orqali saylovchilarga ham qator qulayliklar yaratiladi. Masalan, saylovchi Markaziy saylov komissiyasi saytiga kirib pasport raqamini kiritish orqali o‘zining qaysi saylov uchastkasiga mansub ekanligini va saylov uchastkasi joylashgan manzilni aniqlashi mumkin.















