Jahon | 08:48 / 30.06.2019
28786
3 daqiqa o‘qiladi

Pekinda dunyodagi eng katta aeroport qurilishi yakunlandi

Foto: Getty Images

Xitoy poytaxti Pekinda dunyodagi eng katta aeroport “Dasin” qurilishi yakunlandi.

Ta'kidlanishicha, “Dasin” nafaqat aeroport, balki Xitoydagi eng katta transport xabi hisoblanadi. Uning qurilishiga 400 mlrd yuan (60 mlrd dollar) sarflangan.  

“Oltin qaqnus” ko‘rinishidagi yagona terminal va million kvadrat metr maydonga ega aeroport Xitoy tashkil topganining 70 yilligi arafasida 30 sentyabrda ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Loyihani Xitoy raisi Si Tszinpin shaxsan o‘z nazoratiga olgan. 

Foto: Facebook /BJRundschau

Aeroport Pekin janubida, markazdan 46 km uzoqlikda joylashgan. Uni qurishga asosiy sabab – dunyoning eng yuklangan aeroportlaridan biri “Shoudu” xalqaro aeroportini ortiqcha yuklamadan ozod qilishga intilish bo‘lgan. Ikki aeroport o‘rtasidagi masofa 67 kmni tashkil qiladi. Aeroport poydevoriga tamal toshi 2014 yil 26 dekabrda qo‘yilgan, qurilishi esa 2016 yil 15 martda boshlangan.

Yangi aeroportda 4 ta uchish-qo‘nish yo‘lagi bo‘ladi, u yiliga 620 mingtagacha reysni qabul qila oladi. Aeroport loyihasida uning o‘tkazish qobiliyati 2025 yilga kelib 72 mln kishini tashkil qilishi ko‘zda tutilgan. 

Ta'kidlanishicha, aeroportni loyihalashda yo‘lovchilarga maksimal qulay va samarador bo‘lishi uchun barchasi “ipidan-ignasigacha” hisobga olingan.

Foto: Facebook /BJRundschau

“Misol uchun, aeroportning ilk ikki qavati kelish reyslari va yukni topshirish uchun mo‘ljallangan: birinchisi – ichki reyslar, ikkinchisi esa xalqaro reyslar uchun. Mos ravishda, 4-qavat xalqaro jo‘nash reyslari, 3-qavat esa ichki jo‘nash reyslari uchun mo‘ljallangan”, deyilgan xabarda.

Foto: Facebook /BJRundschau

Aeroport tomi ham dunyodagi eng katta po‘lat tom deb tan olingan, uning maydoni 25 ta standart futbol maydoniga teng. Uni loyihalashda mashhur arxitektor va dizayner Zaha Hadid ishtirok etgan. Aeroport yana bitta rekord o‘rnatishga ulgurdi – u strukturaviy choklarsiz qurilgan dunyodagi eng yirik alohida bino deb topilgan.

 

Mavzuga oid