O‘zbekiston | 20:02 / 02.07.2019
10820
3 daqiqa o‘qiladi

Ko‘p qavatli uylarda shirkatlar professional boshqaruv kompaniyalari shakliga o‘tishi mumkin

Ko‘p qavatli uylarda istiqomat qiluvchi fuqarolar xonadonlarda yuzaga kelayotgan nosozliklarni bartaraf etish bo‘yicha shirkatlar faoliyatidan norozi bo‘lmoqda. Ayniqsa, santexnik xizmati juda og‘riqli masala hisoblanadi. Shu kabi muammolarni bartaraf etish maqsadida shirkatlar faoliyati to‘xtatilib, professional kompaniyalar ish boshlaydi. Bu haqda bugun Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida tashkil etilgan anjumanda Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi boshqarma boshlig‘i Bahodir Qahhorov aytib o‘tdi.

Qahhorovga ko‘ra, professional kompaniyalar «Shirkatlar to‘g‘risida» gi qonun kuchga kirgandan so‘ng ish boshlaydi. Ayni vaqtda ushbu hujjat Oliy Majlis Qonunchilik palatasida o‘qishdan o‘tyapti. Shunga muvofiq, uy-joy kodeksining ham tegishli moddalariga o‘zgartirish kiritilgandan keyin kompaniyalar aholiga xizmat ko‘rsata boshlaydi.

Boshqarma boshlig‘i Qahhorov professional kompaniyalarning shirkatlardan afzallik jihatlarini quyidagicha izohladi:

«Xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati tarkibi ko‘p qavatli uylarda istiqomat qiluvchi noprofessionallar tomonidan boshqariladi. Shirkat faoliyati ularning asosiy ishi emas. Shu sababli nazorat ham sust olib boriladi. Boshqaruv to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmaganidan keyin qator muammolar kelib chiqyapti. Bu muammolarni hisobga olib, professional boshqaruv kompaniyalarini tashkil qilishga qaror qildik. Ushbu kompaniyalarda sohasining mutaxassislari tun-u kun xizmat ko‘rsatadi» .

Vazirlik vakilining ta'kidlashicha, ma'lum to‘lov amalga oshirilgandan keyin, o‘z navbatida, fuqarolar iste'molchi sifatida xizmat sifatini talab qiloladi, chunki bu kompaniyalar tadbirkorlik sub'yekti hisoblanadi. 

«Ularning tarkibi qanday tuzilishi to‘liq nazoratga olinadi va ma'lum talablar qo‘yiladi. Professional kompaniyalar nafaqat xalq uchun, balki bizga ham foydali, chunki shirkatlar bo‘yicha murojaatlarga javoban vazirlik ular(shirkatlar)ga chora ko‘rish vakolatiga ega emas (tadbirkorlik sub'yekti bo‘lmagani uchun). Natijada, vazirlik aholi murojaatlarini ijobiy hal qilishga qiynalmoqda», — deydi Qahhorov.

Mavzuga oid