O‘zbekiston | 10:14 / 04.07.2019
9917
9 daqiqa o‘qiladi

Sport sohasini rivojlantirishdagi tizimli kamchiliklar ma'lum qilindi

Foto: newsinfo.ru

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Respublikada bolalar va o‘smirlar sport maktablarini qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal ta'mirlash hamda umumta'lim maktablari uchun sport zallari qurish, mazkur inshootlarni jihozlash (qayta jihozlash) bo‘yicha 2020 -2022 yillarga mo‘ljallangan Davlat dasturi to‘g‘risida”gi prezident qarori loyihasi joylashtirildi.

Qayd etilishicha, jismoniy tarbiya va sport sohasini rivojlanishida respublikaning chekka hududlarida bolalar va o‘smirlar sport maktablarini moddiy-texnika bazasining zamonaviy standartlarga asosan tashkil etilmaganligi, umumta'lim maktablarida sport infratuzilmasini to‘liq shakllanmaganligi hamda faoliyat yuritayotgan sport ta'lim muassasalarida tizimli muammolar va kamchiliklar saqlab qolinganligi mazkur sohada davlat siyosatini samarali olib borish va mavjud sport komplekslari salohiyatidan to‘liq foydalanish imkoniyatini bermayapti. Xususan:

birinchidan, mavjud bolalar va o‘smirlar sport maktablari sonini o‘tgan davrlarda maqbullashtirilishi respublikamizda, ayniqsa chekka hududlarida bolalar va aholini ommaviy sport bilan qamrab olishga o‘z salbiy ta'sirini ko‘rsatmoqda;

ikkinchidan, sport inshootlarini mavjud talabdan va aholini real joylashishidan kelib chiqib joylashtirilmaganligi, aksariyat sport inshootlari infratuzilmasining jismonan va ma'nan eskirganligi, sport jihozlarini to‘liq ta'minlamaganligi ularda amalga oshirilayotgan ishlarni natijadorligi to‘liq ta'minlamayapti;

uchinchidan, xalqaro standartlarga javob beradigan loyihalash tizimi hamda sifatli mahalliy sport jihozlari va anjomlarini to‘la imkoniyatlardan kelib chiqib ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yilmaganligi mazkur yo‘nalishdagi harakatlarni qo‘llab-quvvatlashning ta'sirchan mexanizmi joriy etish imkonini bermayapti;

to‘rtinchidan, barpo etilayotgan sport inshootlarini loyihalari zamonaviy standartlarga muvofiq hamda mamlakat iqlim sharoiti inobatga olinmagan holda ishlab chiqilganligi, ularni qurilish-montaj ishlarida mehnat sarfi va materiallarni ortiqcha sarflanishiga, ulardan ekspluatatsiya davrida saqlash xarajatlarni oshib ketishiga va qisqa muddatlarda ta'mirtalab ahvolga kelib qolishiga sabab bo‘lmoqda;

beshinchidan, umumta'lim maktablarini sport zallari bilan to‘liq ta'minlanmaganligi, jismoniy tarbiya o‘quv darslarini malakaviy tarzda o‘tkazishga, sport seksiyalari va to‘garaklari faoliyatini muntazam ravishda sport bilan shug‘ullanishlariga, o‘quvchilarni bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etishga hamda ularda jismoniy madaniyatni shakllanishiga to‘liq imkoniyatini chegaralamoqda;

oltinchidan, sport inshootlarini xalqaro standartlarga javob beradigan sifatli hamda zamonaviy sport jihozlari va anjomlari bilan ta'minlanmaganligi milliy terma jamoalar tarkibini yuqori malakali sportchilar bilan to‘ldirish hamda sport zaxirasini shakllantirish ishlarini ortga surmoqda.

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Xalq ta'limi vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda ishlab chiqilgan quyidagilarni nazarda tutuvchi 2020–2024 yillarda respublikada bolalar va o‘smirlar sport maktablari, umumta'lim maktablari sport zallari qurish hamda ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash bo‘yicha mo‘ljallangan Davlat dasturining:

a) 2020-2022 yillar mobaynida amalga oshiriladigan:

bolalar va o‘smirlar sport maktablarida quriladigan, rekonstruksiya va mukammal ta'mirlanadigan sport inshootlarining asosiy parametrlari;

umumta'lim maktablarini zamonaviy sport zallarini qurishning asosiy parametrlari tasdiqlanishi mumkin.

b) 2023-2024 yillar mobaynida amalga oshiriladigan Chora-tadbirlarini tasdiqlash bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi prezidenti qarori loyihasini 2022 yilning 1 oktyabriga qadar Vazirlar Mahkamasiga kiritilishini ta'minlaydi.

Dasturning asosiy yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilanadi:
 
aholini barcha qatlamlarini sport bilan muntazam ravishda shug‘ullanishga jalb etish, yoshlar sport ta'limi sifatini oshirish, barcha hududlarda, ayniqsa, qishloq va chekka hududlarda bolalar sporti obektlari tarmog‘ini yanada kengaytirish orqali jismoniy tarbiya va sportni yanada rivojlantirish;

yuksak ma'naviyatli, qat'iy hayotiy o‘rni, keng dunyoqarashga ega bo‘lgan fidoiy, vatanparvar yoshlarni tarbiyalash, ularni jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun shart-sharoitlar yaratish, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, yashash hududidan qat'iy nazar barcha o‘quvchi-yoshlarni ijtimoiy muhofaza qilish va iqtidorini qo‘llab-quvvatlash;

jismoniy tarbiya va sport sohasining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, zamonaviy sport komplekslarini qurish, ularni zamonaviy sport uskunalari va anjomlari bilan jihozlash, mazkur sohada xususiy sektorni rivojlantirish;

xalqaro ilg‘or tajribadan foydalanib, xorijiy mutaxassislari, tashkilotlarni jalb etgan holda yuqori tejamkorlik, innovatsion texnologiyalarga asoslangan loyihalash va qurilish-montaj ishlari tizimini joriy qilish;

mavjud o‘quv-metodik, moddiy-texnik bazani har tomonlama mustahkamlash va takomillashtirish, ta'lim jarayoniga sportchilar tayyorlashning sifat jihatidan yangi darajasini ta'minlaydigan zamonaviy jihozlar va texnik vositalarini joriy etish. 

Dasturning moliyalashtirish manbalari etib quyidagilar belgilanadi:

a) bolalar va o‘smirlar sport maktablarini:

qurish, rekonstruksiya va mukammal ta'mirlash qismi bo‘yicha – O‘zbekiston Respublikasining rivojlanish davlat dasturi doirasida nazarda tutiladigan Davlat budjeti mablag‘lari;

jihozlash (qayta jihozlash) qismi bo‘yicha – O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari;

b) umumta'lim maktablariga zamonaviy sport zallarini qurish va ularni moddiy-texnika bazasini rivojlantirish qismi bo‘yicha – O‘zbekiston Respublikasining rivojlanish davlat dasturi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjeti mablag‘lari;

xorijiy kreditlar va grantlar mablag‘lari, respublika yuridik va jismoniy shaxslarining xayriya ehsonlari, shuningdek qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Quyidagilar:

a) bolalar va o‘smirlar sport maktablarini:

qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta'mirlash ishlari bo‘yicha buyurtmachi vazifasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzuridagi "Yagona buyurtmachi xizmati" injiniring kompaniyasiga,

jihozlash (qo‘shimcha jihozlash) bo‘yicha buyurtmachi vazifasi, berilgan vakolatlar doirasida, O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi zimmasiga;

b) umumta'lim maktablariga sport zallarini:

qurish ishlari bo‘yicha Xalq ta'limi vazirligi huzuridagi “Xalq ta'limi sohasida loyiha hujjatlariga texnik topshiriqlarni ishlab chiqish va qurilish obektlari sifatini monitoring qilish bo‘yicha injiniring kompaniyasi" davlat unitar korxonasi va uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri bo‘yicha filiallariga;

jihozlash (qayta jihozlash) ishlari bo‘yicha buyurtmachi vazifasi, berilgan vakolatlar doirasida, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi zimmasiga yuklanadi.

Bunda, jismoniy tarbiya va sport obektlarini hamda umumta'lim maktablarining sport zallari bo‘yicha texnik topshiriqlarini ishlab chiqish, qurilish obektlari monitoring qilish O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining sport turlariga ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktablari va bolalar va o‘smirlar sport maktablarida davlat-xususiy sherikchilik tamoyillari asosida sport suzish havzalarini barpo etish taklifiga rozilik beriladi.

Belgilab qo‘yilishicha:

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari har yili 1 martga qadar davlat-xususiy sheriklik shartlarida nodavlat suzish havzalari binolarini qurish uchun ajratilishi mumkin bo‘lgan yer uchastkalarini hamda o‘zlariga tegishli bo‘sh turgan sport obektlari, shuningdek, davlat jismoniy tarbiya va sport muassasalarining foydalanilmayotgan bino va inshootlari negizida tashkil etiladigan sport suzish havzalarini aniqlab, ularning ro‘yxatlarini O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligiga taqdim etadilar.

Mavzuga oid