O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari Abdurashid Abduqodirov, Islomjon Zokirov va Bekzod Artikov muallifligida «Kontrakt to‘lovini stipendiyasiz shaklda to‘lash qanday bo‘lishi mumkin?» sarlavhali maqola e'lon qilindi.
Bundan bir yilcha avval, ijtimoiy tarmoqlar orqali to‘lov-kontrakt asosida ta'lim olayotgan talabalar uchun kontrakt to‘lovlarini to‘lashda ma'lum qulayliklar yaratish maqsadida ularga o‘z xohishlariga ko‘ra stipendiyalardan (yoki uning bir qismidan) voz kechish hisobiga yillik olinadigan stipendiya miqdoriga mos ravishda kamaytirilgan to‘lov-kontrakt pulini to‘lash huquqini berish bo‘yicha takliflar jamoatchilik e'tiboriga havola etilgan va bu qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lgan edi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yilning 17 iyundagi 4359-sonli qarorida jumladan, to‘lov-kontrakt asosida ta'lim olayotgan barcha bosqich talabalariga, o‘z xohishlariga ko‘ra to‘lov-kontrakt qiymatini stipendiyali yoki stipendiyasiz shaklda to‘lash huquqi berilishi belgilab qo‘yildi.
Biroq hozirgi kungacha to‘lov-kontrakt qiymatini stipendiyali yoki stipendiyasiz shaklda to‘lash tartibi qanday bo‘lishi haqidagi yakuniy xulosalar e'lon qilinganicha yo‘q.
Boshqacha aytganda, to‘lov-kontrakt asosida ta'lim olayotgan talabalar uchun to‘lov-kontrakt qiymatini stipendiyasiz shaklda to‘lashda barcha uchun bir xil miqdor belgilanib, ana shu miqdornigina chegirib tashlagan holda kontrakt to‘lanadimi yoki har bir talaba uchun semestr yakuniga ko‘ra unga tayinlangan stipendiya miqdoridan kelib chiqib chegirmalar belgilanadimi?
Bizningcha, agar to‘lov-kontrakt asosida ta'lim olayotgan talabalar uchun to‘lov-kontrakt qiymatini stipendiyasiz shaklda to‘lashda barcha uchun bir xil miqdor belgilanib, ana shu miqdornigina chegirib tashlagan holda kontrakt to‘lash huquqi beriladigan bo‘lsa, u holda ushbu huquqdan foydalanishni xohlagan talabalar uchun semestr yakunidagi o‘zlashtirish ko‘rsatkichining hech qanday ahamiyati qolmaydi.
Boshqacha aytganda, bunday tartib joriy etilsa, to‘lov-kontrakt asosida ta'lim olayotgan talabalar ikki xil toifaga ajralib qoladi:
Birinchi toifa talabalar bu - to‘lov-kontrakt qiymatini stipendiyali shaklda to‘lashni tanlagan talabalar bo‘lib, ularning fanlardan yuqori baho olishga intilishlari mos ravishda tabaqalashtirilgan stipendiya tayinlanishi orqali rag‘batlantirilib boriladi.







