Moliya vazirligi: 3 yillik davlat qimmatli qog‘ozlari bo‘yicha benchmark yangilandi
2019 yil 5 iyulda O‘zbekiston Respublika Valuta birjasida (O‘zRVB) o‘tkazilgan elektron savdolarda 36 oylik davlat qimmatli qog‘ozlarining o‘rtacha tortilgan daromadligi 10,11 foizni tashkil etib, 2018 yil 28 dekabrdagi 14,86 foiz darajasidagi benchmark yangilandi.
Moliya vazirligi xabariga ko‘ra, ushbu auksion savdolarida umumiy qiymati 100 mlrd. so‘m bo‘lgan davlat qimmatli qog‘ozlarini sotib olish uchun dilerlar tomonidan 403,6 mlrd. so‘m hajmdagi buyurtmalar berilishi natijasida obligatsiyalarning birlamchi bozordagi o‘rtacha tortilgan narxi nominal qiymatiga nisbatan 111,24 foizni tashkil etdi.
Qayd qilingan auksion natijalari:
milliy valutadagi minimal riskka ega bo‘lgan yuqori likvidli va kafolatlangan moliyaviy instrumentlarga nisbatan yuqori talab saqlanib qolayotganidan darak beradi;
ichki moliya bozorlarining mazkur segmentida real raqobat muhitining shakllanishi hamda obligatsiya bahosini aniqlashda bozor mexanizmlari o‘rnining mustahkamlanishini aks ettiradi.
Shu bilan birga, milliy valutadagi davlat qimmatli qog‘ozlarini sotib olishga xalqaro investorlar tomonidan ham qiziqish bildirilishi mazkur segmentning kelgusida rivojlanishi uchun mavjud salohiyatni ko‘rsatadi.
O‘rta va uzoq muddatli davlat qimmatli qog‘ozlari emissiya qilinishi moliyaviy instrumentlarni diversifikatsiyalash hamda moliya bozoriga yangi ishtirokchilarni (sug‘urta kompaniyalari va h.k.) jalb etish uchun zamin yaratadi.
Moliya vazirligi kelgusida davlat qimmatli qog‘ozlarini chiqarishda ichki davlat qarzini samarali boshqarish va mahalliy moliya bozorlarini rivojlantirish maqsadlaridan kelib chiqib, moliya bozorlaridagi joriy holat va talabni inobatga olgan holda amalga oshiradi, deyiladi vazirlik xabarida.
Mavzuga oid
22:55 / 04.09.2024
Nvidia bir kunda deyarli 300 milliard dollar yo‘qotdi
19:37 / 17.07.2024
Oltinning birjadagi narxi oshib, rekord darajaga yetdi
13:31 / 06.06.2024
Markaziy bank ilk bor xorijiy davlat qimmatli qog‘ozlariga investitsiya kiritdi
14:42 / 04.09.2023