Moliya | 09:30
503
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda repo bitimlarini amalga oshirishning yangi tartibi joriy etildi

O‘zbekistonda qimmatli qog‘ozlar bilan repo bitimlarini amalga oshirishning yangi tartibi tasdiqlandi. Yangi qoidalar repo operatsiyalarining shaffofligini oshirish, fond bozori likvidligini rivojlantirish hamda investorlar manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan.

Adliya vazirligi qimmatli qog‘ozlar bilan repo bitimlarini amalga oshirish tartibini belgilovchi idoraviy hujjatni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi. Hujjat 2026 yil 25 iyun kuni 3860-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan.

Tartibga ko‘ra, repo bitimlari fond birjalari hamda birjadan tashqari savdo tashkilotchilarining elektron savdo tizimlari orqali amalga oshiriladi.

Repo bitimi qimmatli qog‘ozlarni oldindan kelishilgan muddat va narxlarda qayta sotib olish sharti bilan tuziladigan ikki qismli bitim hisoblanadi. U aksiyalar, obligatsiyalar va qimmatli qog‘ozlarning hosilalariga nisbatan qo‘llaniladi.

Yangi qoidalarga muvofiq, repo bitimi savdo tizimida tashabbuskor tomonidan buyurtma berish va ikkinchi tomonning uni qabul qilishi orqali avtomatik ravishda tuziladi. Bitimning ikkinchi qismi esa belgilangan muddatda elektron savdo tizimi orqali avtomatik tarzda ijro etiladi.

Shuningdek, savdo tizimi repo bitimining ikkinchi qismi bajarilishi haqida taraflarni bir kun oldin xabardor qiladi. Bundan tashqari, tizim bitim bo‘yicha pul mablag‘lari va qimmatli qog‘ozlarning yetarliligini oldindan tekshiradi.

Yangi tartibga muvofiq, qimmatli qog‘ozlar savdosi tashkilotchilari repo bitimlarining alohida hisobini yuritishi shart.

Mutaxassislar fikricha, mazkur tartib repo operatsiyalarini amalga oshirishning ochiqligi va ishonchliligini ta’minlash, qimmatli qog‘ozlar bozorida likvidlikni oshirish hamda investorlar huquq va manfaatlarini yanada samarali himoya qilishga xizmat qiladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid