Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekistonda chet el kompaniyalarining aksiyalari savdosiga ruxsat berilishi mumkin
Prezident Shavkat Mirziyoyev 15 dekabr kuni kapital bozorini yanada rivojlantirish hamda bank sohasida xalqaro standartlarni joriy etishni jadallashtirish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Unda O‘zbekistonda chet el kompaniyalarining aksiyalari, obligatsiyalari va boshqa qimmatli qog‘ozlar bilan savdo qilishga ruxsat berish taklif qilindi.
Taqdimotda qayd qilinishicha, bugungi kunda muomaladagi qimmatli qog‘ozlarning bozor qiymati 275 trillion so‘mni tashkil etib, birjada erkin muomaladagi qimmatli qog‘ozlar hajmi 4 trillion so‘mga yetgan. Shu bilan birga, kapital bozorining kapitallashuv hajmi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 20 foizni tashkil etib, jahon ko‘rsatkichlaridan ancha past ekani, mazkur sohada hali katta salohiyat mavjudligi ko‘rsatib o‘tildi.
Shu munosabat bilan mahalliy kapital bozoriga kamida 1 milliard dollar investitsiya jalb qilishga qaratilgan chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Jumladan, mahalliy va xorijiy fond birjalarida xalqaro standartlar asosida qimmatli qog‘ozlarni joylashtirish – “dual listing” amaliyotiga ruxsat berish, shuningdek, valuta obligatsiyalari, global depozitar tilxatlar, xorijiy qimmatli qog‘ozlar hamda birja investitsiya fondlari kabi yangi moliyaviy instrumentlarni joriy etish rejalashtirilgan.
Taqdimotda “tartibga solish qumdoni” huquqiy rejimini kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.

Ushbu mexanizm doirasida qumdon shartlarini nafaqat norezidentlar, balki rezidentlar uchun ham tatbiq etish, xorijiy investorlar uchun muddatsiz amal qilishini belgilash, shuningdek, chet el kompaniyalarining aksiyalari, obligatsiyalari va boshqa qimmatli qog‘ozlar bilan savdo qilishga ruxsat berish taklif qilindi. Bu xorijiy qimmatli qog‘ozlarning norasmiy savdosini qisqartirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Mahalliy investorlarni kapital bozoriga faol jalb etish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.
Bunda mahalliy kompaniya va banklarga Toshkent fond birjasida xorijiy valutada obligatsiyalar chiqarishga ruxsat berish orqali tashqi bozorga chiqmasdan turib valuta mablag‘larini jalb qilish imkoniyatlari yaratilishi qayd etildi.
Shuningdek, emitentlarga o‘z kapitali hajmidan ortiq, ta’minotsiz obligatsiyalar chiqarish imkoniyatini yaratish orqali obligatsiyalar bozorini kengaytirish mumkinligi ta’kidlandi.
Kapital bozorida nazorat va tartibga solish tizimini takomillashtirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.

Milliy qonunchilikni Qimmatli qog‘ozlar komissiyalari xalqaro tashkiloti talablariga moslashtirish, regulyator vakolatlarini kuchaytirish, shuningdek, professional ishtirokchilarning ustav kapitaliga qo‘yiladigan talablarni bosqichma-bosqich oshirish rejalari taqdimot qilindi.
Bank sohasidagi islohotlar doirasida so‘nggi yetti yilda tijorat banklarining aktivlari 5,3 barobar o‘sib, 877 trillion so‘mdan oshgani, banklarning soni 35 taga yetib, 2017 yildan beri 3 ta xorijiy bank O‘zbekistonda faoliyatini yo‘lga qo‘ygani ta’kidlandi.
Mamlakat ilk bor Xalqaro valuta jamg‘armasi va Jahon bankining Moliyaviy sektorni baholash dasturida ishtirok etdi, unda bank nazorati, risklarni boshqarish, to‘lov tizimlari, makroprudensial siyosat va inqirozlarni boshqarish kabi yo‘nalishlar baholandi.
Baholash natijalaridan kelib chiqib, kelgusi yilda O‘zbekiston moliya sektorini Bazel qo‘mitasining Samarali bank nazorati bo‘yicha 29 ta asosiy tamoyiliga to‘liq moslashtirish belgilangan. Bu maqsadda barcha tijorat banklarida moliyaviy hisobotlarni to‘liq xalqaro standartlar asosida yuritish, Bazel III standartlarini joriy qilish, Hukumat va Markaziy bank ishtirokida Moliyaviy barqarorlik kengashini tashkil etish vazifalari belgilandi.
Davlat rahbari kapital bozori hamda bank sohasidagi islohotlar iqtisodiyotni barqaror moliyalashtirish, xususiy sektor ulushini oshirish va xalqaro investitsiyalarni faol jalb etishda hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini ta’kidlab, belgilangan vazifalar yuzasidan mutasaddilarga aniq topshiriqlar berdi.
Mavzuga oid
19:16 / 15.12.2025
Toshkentda xalqaro suv haftaligi o‘tkaziladi
11:03 / 15.12.2025
Paralimpiya harakati: Prezident yoshlar yutug‘ini “yangi yorqin sahifa” deb baholadi
22:17 / 13.12.2025
“Qishloq xo‘jaligining taqdiri va kelajagi – butun mamlakatimizning taqdiri va kelajagidir”. Shavkat Mirziyoyev qishloq xo‘jaligi xodimlariga tabrik yo‘lladi
21:33 / 12.12.2025